“So‘g‘diyona” – “Turon” o‘yinini boshqargan bosh hakam futboldan chetlatildi

Bugun O‘FA Hakamlik qo‘mitasi “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuviga hakamlik qilgan Viktor Serazitdinovning qarorlarini o‘rganib chiqdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Tahlil natijasida, bosh hakam Viktor Serazitdinov uchrashuvning 29-daqiqasida “So‘g‘diyona” darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi aniqlandi.

Shuningdek, bosh hakam 52-daqiqada “Turon” futbolchisi o‘z jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi deya baholab, penalti belgilagan vaziyat xato ekanligi qo‘mita vakillari tomonidan qayd etildi.

Qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganligi hamda ushbu xatolar o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazganligi sababli Viktor Serazitdinov hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.

Shuningdek, holat bo‘yicha tegishli ma’lumotlar, uchrashuv qaydnomasi va inspektor hisoboti, videomateriallarni o‘rganib chiqish ishlari boshlandi. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.