Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy etildi

Yaqinda Prezidentimiz “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon qabul qildi.
Unga ko‘ra, aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari belgilandi. Jumladan, xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy qilish, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokor ulushini 70 foizga yetkazish kabi maqsadlar bor. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish belgilangan.
Qolaversa, 2025 yil 1 iyuldan mazkur Farmonda belgilangan tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinadi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi. Ushbu Farmonga ko‘ra, Samarqand shahrida ham qator ishlar olib borilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar bilan tanishish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan respublikadagi ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Samarqand shahridagi 2-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishdilar.
Ayni paytda 55 ming nafardan ziyod aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan mazkur shifo maskani zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, DMED axborot tizimi to‘liq ishga tushirilgan.
Tanishtiruv tadbirida tibbiyotni raqamlashtirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar va ularning ijobiy natijalari, bemorlar va shifokorlar uchun afzalliklari xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari viloyat ko‘p tarmoqli markaziy shifoxona faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda Farmonga ko‘ra amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari Nurobot tumani Oqsoy turizm qishlog‘ida joylashgan ““IT Village” bilan ham tanishdi.
Press-tur ishtirokchilari viloyat Matbuot uyida ham bo‘ldi. Ular bu yerda saqlanayotgan gazeta-jurnal hamda eksponatlarni tomosha qildi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonov ishtirok etdi.