Sog‘lom turmush tarzini qanday tashkil qilish kerak?

Hayot odamga Alloh tomonidan berilgan inom. Ana shu hayotni chiroyli, sermazmun qilib o‘tkazish ma’lum ma’noda kishining o‘ziga bog‘liq. Bu masalani yechishda, birinchidan, muddatdan oldin qarishning oldini olish, ikkinchidan, qarib, oila a’zolari uchun tashvish tug‘dirmaslik imkoniyatini yaratish zarur.

Biolog olimlarning aytishicha, inson 110-120 yil yashashi mumkin. Masalan, taniqli olimlar Ye.Mechnikov va A.Bogomolov odam kamida 120-130 yil yashashi kerak, degan. Rus fiziologi I.Pavlov esa “Odam 150 yoshga kirmay o‘lsa, bu majburiy o‘limdir”, deb hisoblagan. Shuning uchun Pavlov “Ichmang, chekmang, o‘zingizni zaharlamang, degan.

Darhaqiqat, shunday. Hozirgi vaqtda tibbiyot hayotni uzaytirish bilan shug‘ullanmoqdaTibbiyotning muvaffaqiyatlari yordamida oxirgi yillarda dunyo bo‘yicha o‘rtacha umr ko‘rish 82 yoshgacha ko‘tarildi.

Sir emas, sog‘lom holda kun kechirish, doim yaxshi kayfiyatda yurish umrimizning chiroyli o‘tishini ta’minlaydi. Aks holda-chi? Noto‘g‘ri turmush tarzi tufayli dardu tashvishlar ko‘payib, salomatlik yomonlashadi. Masalan, bugungi kunda o‘rta va qari yoshdagi kishilarning ikki yoki uchta qo‘shma – yondosh kasalligi ko‘paymoqda. Ular asosan yurak-qon tomirlari, nafas yo‘llari va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklaridir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlari tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga asosan insonning sog‘lom yashashi quyidagi omillarga bog‘liq:

- nasliy omillar 20 foiz;

- atrof-muhit holati, ya’ni ekologik vaziyatlar 20 foiz;

- tibbiyotning rivojlanish darajasi – 7-8 foiz;

- odamlarning yashash sharoiti 52-53 foiz;

Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanadigan bo‘lsak, sog‘-salomat yashab yurish ko‘proq o‘zimizga bog‘liqAmmo, bunga erishish osonmi?

O‘ylab qaralsa, ko‘plab noxush omillar (masalannoto‘g‘ri ovqatlanish, turli yuqumli kasalliklarga chalinish, zararli odatlarga beriluvchanlik, ko‘p vaqt ruhiy iztirob chekish singarilar) salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, uzoq yillar sog‘-omon hayot kechirishimiz uchun, avvalo, to‘g‘ri yashash shartlariga amal qilishimiz lozim. Asosiysisalomatligimiz uchun aynan nimalar zarurligini bilib olmog‘imiz shart. 

Harakatchan odam uzoq yashaydi

Har bir inson o‘zining ruhiy holatini idora qila olishi kerak. Masalan, jahl chiqqanda o‘zini bosishi, qaltis vaziyatlarda shoshib, noto‘g‘ri qaror qabul qilmasdan vazminlik bilan mulohaza yuritishi, shuningdek o‘zaro munosabatlarda odil bo‘lishi kerak.

Avvalo, odam hayotda o‘ziga yoqqan kasbni tanlashi lozim, bu unga ruhiy osoyishtalik bag‘ishlaydiNegaki, kasbga mehri tufayli odam ishda charchoq bilmaydi, shu kasb fidoyisiga aylanib, yaxshi natijalarga ham erishadi.

Dunyo psixologlari uzoq izlanishlar o‘tkazishib, ruhiy salomatlik tamoyillarini ishlab chiqishgan. Bu quyidagilar: 

- inson o‘ziga va o‘z kuchiga ishonib yashashi;

- turmushda bo‘ladigan hodisalarga donishmandlik ko‘zi bilan qarash;

- salbiy fikrlarni miyadan uzoqlashtirish;

- ortiqcha ehtiroslarga berilmasdan, aql bilan ish tutish;

- hasadgo‘ylik va noshukurlik illatlaridan saqlanish;

- shuhratparast bo‘lmaslik (Bu borada Naqshbandiy hazratlari Shuhratning oqibati ofat”, deganlar);

- o‘zgalar bilan til topishishga intilish;

- hazil va mutoyibaga moyillik;

- xushfe’l va mehnatsyevar bo‘lish.

Ko‘pchilik kishilar ertalab surunkali charchoq hissi bilan uyg‘onishadi. Kun bo‘yi ishdagi har xil muammolarga duch kelib, ishdan keyin har xil oilaviy tashvishlarni o‘ylab, yana ko‘proq horg‘inlik hissini sezadilar. Demak, biz doimiy stress holatida yashaymiz. Ana shu stress holatidan keyin har xil yurak qon-tomir kasalliklari, oshqozon-jigar tizimida har xil salbiy o‘zgarishlar va hatto qandli diabet kasalligi ham paydo bo‘lganini sezmay qolamiz. Ana shunday stresslar sababli oxirgi yillarda qandli diabetning II tipi ko‘paymoqda. Jahon diabetologlar jamiyatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib dunyo bo‘ylab bu xastalik bilan og‘riganlar soni 640 million kishini tashkil qilishi kutilmoqda. 

Ma’lumki, stress holati keyinchalik kishi xotirasining pasayishiga olib keladi. Stresslarni yengish uchun sabrli bo‘lishimiz, har qanday holatda o‘zimizni tinchlantira olishimiz, o‘tayotgan kunlarimizga shukronalik ko‘zi bilan qarashimiz lozim. Ana shundagina bizning ruhiy salomatligimiz barqaror bo‘ladi.

Foydali taom va toza suv

Bilamizki, ovqatlanish shunchaki qorin to‘ydirish emas, balki organizm uchun zarur bo‘lgan oqsil moddalarni, mikroelementlarni, vitaminlarni taom orqali yetkazib berilishini ta’minlashdir. Ovqatlanishda uning foydalilik jihatlarini bilish va hisobga olishimiz zarur. Ulug‘ faylasuf Aristotel aytganidek, “Odam quvvatni ovqatdan, aqlni hikmatdan oladi”.

Abu Ali Ibn Sino o‘zining tibbiyotga doir asarlarida ovqat yeyishda uning tanaga foydasini hisobga olish zarurligini ta’kidlab, shunday yozadi:

Tanlaganing bo‘lsin doim yengil hazm,

Giyoh, ko‘kat, sutlar, bo‘lsin oshu tuzing.

Tarkibida vitaminlari ko‘p oziq-ovqat mahsulotlari biz uchun foydali hisoblanadi. Qattiq qovurilgan ovqatlar nechog‘lik mazali bo‘lmasin, foydaliligi kam, chunki vitaminlar qovurish jarayonida parchalanib ketadi. Ko‘proq meva-sabzavotlarni xomligicha istemol qilish, ovqatlarni dimlab yoki bug‘lab pishirib, istemol qilish tana salomatligi uchun ayni muddao hisoblanadi. Tibbiyot asoschisi Gippokrat aytgan: “Yegan ovqatingiz dori, is’temol qilgandoringiz ovqat bo‘lishi kerak.

Foydali ovqatlanishning bir qancha tartib-qoidalari ishlab chiqilgan bo‘lib, sog‘lom yashashni istagan odam bu haqda bilishi zarur. Masalan: 

- ochlik hissini sezgandan so‘ng dasturxonga o‘tirish va taomni o‘z miqdorida yeyish;

- kuniga belgilangan vaqtda tabiiy mahsulotlar bilan nonushta qilish;

- asabiylashganda ovqat yemaslik;

- kun davomida 4-5 marta oz-ozdan ovqatlanish;

- ovqatlanayotganda kitob o‘qish yoki televizor ko‘rish bilan mashg‘ul bo‘lmaslik;

- taomni uzoq chaynash. Uni kamida 50 marta chaynashimiz uzoq umr ko‘rishimiz garovi hisoblanadi;

- o‘simlik yog‘larinii ko‘proq, hayvon yog‘larini ozroq miqdorda ishlatish;

- o‘ta to‘yib ovqat yemaslik.

Donishmandlarning aytishicha, 3 ta narsani kami ma’qul. Bular - kam ovqat is’temol qilish, kam uxlash, kam gapirish. Bu borada Iskandar Qobusning Qobusnomasida aytilganidek, o‘z nabirasiga kam gapirgin, o‘ylaki, sendan ham yuksak darajada biladigan insonlar bordeb uqtirgan.

Buyuk Albert Eynshteyn hayot formulasini quyidagicha keltirgan A=x+y+z. Bunda: A - hayot, x- ko‘p o‘qi, ishla, ijod qil, y - dam olgin, sayohat qil, o‘yna, z - tilingni tiy. Biz ham keltirilgan ushbu o‘gitlarga amal qilsak, xatodan xoli bo‘lamiz. Ulug‘ tabib Ibn Sino aytgankihali biroz ovqat istemol qilish hissiyoti bo‘lsa ham istemol qilishni to‘xtatish, shuningdek, haddan tashqari issiq yoki juda sovuq ovqatni istemol qilmaslik kerak.

Suv ichish haqida ham biroz to‘xtalaylik.

Sir emas, organizmga yetarli miqdorda suv tushmasa, ichaklardagi zaxarli moddalarning chiqishi qiyinlashadi. Suv organizmning o‘z-o‘zini tozalashiga yordam beradi. Ayniqsa, toza suv hujayralar uchun ozuqadir. Suvni qaynatganda uning biologik xususiyatlari yo‘qoladi, shuning uchun iloji boricha tarkibi minerallarga boy bo‘lgan buloq suvlarini yetarli miqdorda ichish kerak. Ammo suv ichishning ham o‘ziga xos qoidalari bor. Masalan:

- suvni kun davomida o‘z miqdorida tez-tez ichish zarur. Zamonaviy talablar bo‘yicha har bir sog‘lom inson bir kecha-kunduzda kamida 2 litr toza suv istemol qilishi shart. Shu suvning uchdan ikki qismini kunduzi ichish lozim;
- suvni simirib emas, qultumlab ichgan ma’qul;
- erta tongda nonushtadan yarim soat oldin xom suvni iliqligicha ichish kerak;
- taom yeyishda suv ichish zararli, ovqatdan 1 soat oldin yoki keyin suv ichgan ma’qul.

Xastaliklarning sabablari ko‘p…

Biror kishi kasal bo‘lib qolsa, darrov shifokorga boradi. Dori-darmon xarid qilib muolajani boshlab yuboradi. Lekin bu dard nega paydo bo‘ldi, asl sabablari nimada? Bu xususda chuqurroq o‘ylab ko‘rmaydi. 

Fikr qilaylik, ba’zi xastaliklarga ko‘p siqilish yoki noto‘g‘ri ovqatlanish, shuningdek kamharakat yoki biror yuqumli kasallikni yuqtirib olish sabab bo‘ladi. Ayrim hollarda esa salbiy odatlar har xil dardni yuqtirib olishga olib keladi. Kasallikning paydo bo‘lishida irsiy omillar ham yetakchi rol o‘ynaydi. Demak, bular haqida bosh qotirib ko‘rish kerak.

Ibn Sino o‘zining Tib qonunlarikitobida sog‘liqni saqlashning asosiy 7 ta omillarini yozib qoldirgan. Ular quyidagilar:

1. Tanani ma’lum yaxshi muhitda saqlash.
2. Istemol qilinadigan ovqatni va ichiladigan suvni to‘g‘ri tanlash.
3. Organizmni ortiqcha moddalardan tozalash.
4. Tana tuzilishini saqlash.
5. Burun orqali to‘g‘ri nafas olish.
6. Kiyiladigan libosni to‘g‘ri tanlash.
7. Jismoniy va ruhiy holatni bir meyorda tutish.

Xullas, kasalliklardan saqlanish uchun aynan nima sababli dardga chalinishimiz haqida o‘ylab ko‘rishimiz zarur.

O‘zimizni yaxshi ko‘rsak va sog‘ligimiz uchun qayg‘ursak, albatta, sog‘lom turmush tarzqoidalariga rioya etishimiz kerak. Kun tartibimizni oqilona belgilash esa o‘zimizga nisbatan hurmatni shakllantiradi va salomatlik sari muhim qadamni qo‘yamiz.

Sayfulla Abdullayev,

tibbiyot fanlari doktori, professor.