“Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”
Asar teatr tarixida ikkinchi bor rejissyor Tojiboy Isroilov badiiy rahbarligida, rejissyor Hasan Burxonov, rassom Bahrom Safoyevlar tomonidan sahnalashtirildi. Bosh rollarni iste’dodli aktyorlar Jo‘rabek Yorqulov, Farid Rasulov, Sardor Nozimov va Elbek Boymatov ijro etgan. Ushbu psixologik drama qalb tug‘yonlaringizni uyg‘otib, insonning tabiat oldidagi burch va vazifalarini yodga soladi.
Insonning tabiat oldidagi javobgarligi
Spektakl rutubatli tun qo‘ynida yastanib yotgan dengiz sohillari bo‘yida turgan qayiq, uning atrofida hayajon bilan tunni o‘tkazayotgan bola ko‘rinishi bilan boshlanadi. Bola tunda dengiz sohilida, yakka o‘zi nima qilayotgani tomoshabinda savol uyg‘otishi tabiiy. Ushbu savolga sahna ortida yangragan ovoz javob berdi. Kirisk ilk bor dengiz oviga jo‘nash arafasida bo‘lgani uchun o‘zini qo‘yarga joy topolmayapti. Ov muvaffaqiyatli bo‘lsa, qishloqda uning obro‘si oshadi, u ovchi sifatida e’tirof etiladi. Shu xayollar bilan ko‘zi uyquga ketdi.
Tong mahal umrini dengiz sayohatiga bag‘ishlagan O‘rxun bobo o‘zi yasagan qayiq yoniga kelib, u bilan suhbatlashadi. Bobo ham hayajonda. U ilk bor dengiz safariga otlanmayotgan bo‘lsa-da, o‘zi uchun qadrli qayig‘i bilan birga ovga chiqmoqda. Sahnaga birin-ketin bolaning otasi Emrayin va tog‘asi Milxun chiqib keladi. Emrayin jiddiy qiyofada, qishloqda o‘zining hurmatiga ega ovchi. Milxun esa bilagi kuchga to‘la, jasoratli ovchi. Rejissyor aktyorlarni tanlash jarayonida ularning tashqi qiyofasini ham e’tiborga olgan. Ushbu xislatlar aktyorlarda o‘z aksini topgan.
Shovqindan bola uyg‘onib, atrofdagi yaqinlarini ko‘rib, safarga otlanishayotganini biladi. Sahna ortida ularni kuzatib qolgan Olapar qoyaga ta’rif beriladi: «Dengizning xuddi o‘sha qismida, Olapar qo‘ltig‘iga yaqin yerda dengiz tomon yarim orol shaklida qiyalab turtib chiqqan tepalik - qoya bo‘lib, u olisdan qaraganda haqiqatdan ham sohil bo‘ylab chopib borayotgan kattakon olapar itni eslatardi. Dengizchilarni har safar mana shu Olapar qoya safarga jo‘natadi va qarshi oladi». Shu o‘rinda sahnada qoyaning tasvirlanmagani, tomoshabinda mavhumlik uyg‘otadi. Qisman bo‘lsa-da, ushbu qoyaga urg‘u berilishi lozim edi.
Jarayonlar to‘rt kishi ishtirokida, bitta sahna ko‘rinishida kechadi. Qissaning barcha voqealari dengizda suzayotgan qayiqda tasvirlanib, bu tomoshabinni dengiz bilan hamohang yashashga undaydi. Aktyorlar ruhiy kechinmalari tomoshabin qalbiga dengiz to‘lqinlari orqali kirib boradi.
Eshkakchilar jo‘shqinlik bilan eshkak eshar, O‘rxun bobo Ona baliq haqida qo‘shiq kuylar, bola dengiz taassurotlari bilan hayajon ichida borardi.
Bu holat ularni quyoshni bulut qoplab, atrof qalin tuman bilan qoplanguncha tark etmaydi. Go‘yo tabiat insondan o‘ch olgandek. Tabiatga yetkazgan ozorlari uchun javob bergandek. Bu hodisa dengizchilar uchun xavf keltirishi, aktyorlarning ruhiy kechinmalaridan, xavotiridan yaqqol ko‘rib turibdi. Shu payt dovul boshlanadi. Sahnaga qorong‘ulik ostida qolib, dovul ovozi eshitiladi hamda tuman har tarafga tarqaladi. Ovozlar, yoritish tizimi barchasi xuddi dengizda dovulga duch kelgandek, taassurot uyg‘otadi. Bu sahnalashtiruvchi rassomning dekoratsiyalar bilan muvaffaqiyatli ishlagani mahsuli.
Dovul tindi. Ammo atrofni tuman tark etmaydi. O‘rxun bobo dengizni tuman qoplasa, 10 kunlardan ortiq tarqamasligini yaxshi biladi. Obi hayot hisoblangan suv esa to‘rt kishi uchun ikki-uch kunga yetardi, xolos. Birin-ketin ovchilar o‘zlarini dengiz qa’riga tashlab, kichik Kiriskning hayotini saqlab qoladilar. Sohilga yolg‘iz qaytgan Kiriskni Olapar qoya kutib oladi. Yana bir yangi kunda sahnada dengiz uzra O‘rxon shamoli shovullar, Milxun to‘lqinlari suzib, Emrayin yulduzlari charaqlab turardi…
Asarda yosh avlodga g‘amxo‘rlik, tabiatga insonlarning munosabatini yaxshilash kabi g‘oyalar ilgari surilgan. Asar psixolik drama bo‘lgani uchun har bir aktyor o‘z kechinmalarini xatti-harakatlarida bayon etdi. Tomoshabinni kuldiradi, yig‘latadi va hayojonga soladi.
Jamoatchilik ko‘rigida ma’qullandi
Spektakl dramaturg va yozuvchi Mahmud Komiljonov, rejissyor Jo‘ra Mahmudov, Madaniyat vazirligining repertuar – tahririyat sho‘’basi mudiri Hayitmat Rasulov va viloyatimizning madaniyat va san’at xodimlari ishtirokida muhokama etildi. Unda spektakldagi kamchilik va yutuqlar tilga olindi.
- Asar insonning ruhiy holatini aks ettiradi, - deydi rejissyor Jo‘ra Mahmudov. – Unda inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi, uni buzgan shaxslarning ona tabiat oldidagi javobgarligi hikoya qilingan. Obrazlarda kuchli ichki kechinmalar bor. Aktyorlarda his-hayajon yetishmadi va bu kechinmalarni yuzaga chiqara olishmadi Chanqagan inson chanqog‘ini qondirgandagi holatlar, dengizdagi tumanda ilojsiz qolgan inson taqdiri tomoshabinlarga shunday yetkazilishi kerakki, sezgir tomoshabin qahramon nima demoqchiligini ilg‘ab olishi lozim.
Chingiz Aytmatov buyuk adib. Uning asarini mukammal, maromiga yetkazib talqin qilish juda katta kuch va quvvat talab etadi. Jamoatchilik a’zolari spektakldagi kamchiliklarni tuzatib, asarni namoyish etishga kelishib olishdi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.