"Sohir, she’rsevar qalbga posbon bo‘layin o‘zim"

O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari tashabbusi bilan viloyat Matbuot uyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda bugun 60 yoshini qarshilagan, 40 yillik hayoti jurnalistika va ijodga bog‘langan shoir Toshpo‘lat Tugalov ijodi haqida gap bordi. Dastlab ustoz va hamkasblari Toshpo‘lat O‘rxun taxallusi bilan ijod qilib kelayotgan shoirning uzoq yillar viloyat teleradiokompaniyasida muharrir, katta muharrir, bosh muharrir vazifasida ishlab, yuzlab dolzarb mavzularda ko‘rsatuvlar tayyorlagani, o‘nlab shogirdlar yetishtirgani haqida gapirdi. Ayni paytda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari vazifasida faoliyat ko‘rsatib, samarqandlik ijod ahlini turli tadbirlarda birlashtirib kelayotgani ta’kidlandi.

Ijodkorning “Mujda”, “Kechikkan javzo” to‘plamlari, shuningdek, “Bir kuni muxbirlar” nasriy asari, “Surur”, “Umr karvoni” she’rlar hamda “Tong yulduzi bolalari” tarjima kitoblari ko‘psonli o‘quvchilarga manzur bo‘lgani e’tirof etildi.

- Toshpo‘lat aka bilan uzoq yillar televideniyeda birga ijod qildik, - deydi viloyat teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari Dilmurod Ismatov. – Albatta, o‘sha davrda ko‘plab yangi janrdagi eshittirish va ko‘rsatuvlarga mualliflik qildi. Mana, qariyb olti yildirki O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limini boshqarib, yuzlab shoir va yozuvchilarni bir maqsadda, bir ijodda birlashtirishga bosh bo‘lib kelmoqda. Bu ham ijodkorning hamon jo‘shib ijod qilayotganidan dalolat. Ko‘plab shogirdlari ham ustozining izidan bormoqda. Xullas, Toshpo‘lat O‘rxunning ijod karvoni endi boshlandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shoir bir she’rida "Sohir, she’rsevar qalbga posbon bo‘layin o‘zim", deya yozadi. Ilohim, shunday bo‘lsin, hamkasbimiz ijodiga barkamollik tilayman.

T.Tugalovga matbuot va adabiyotga qo‘shgan hissasi uchun ikkala uyushma viloyat bo‘limlarining tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, televideniye, “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limi, tahririyatlar sovg‘alari taqdim etildi.

Husan Eltoyev.