Soliq sohasida qonun normalari to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilyaptimi?
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan viloyat soliq boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Seminar Oliy sud plenumining 2023 yil 20 fevraldagi “Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi Qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda sudlarda soliq nizolarini ko‘rishda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalariga bag‘ishlandi. Tadbirda Respublika Oliy sudi raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov, Oliy sud sudyasi Dilmurod Karimov, viloyat sudining fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari sudyalari, ma’muriy sud sudyalari hamda soliq organlari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab Oliy sud sudyalari tomonidan plenum qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi. Mazkur hujjatni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad soliqqa oid nizolarni ko‘rishda sudlar tomonidan qonun normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash ekanligiga e’tibor qaratildi.
Oliy sud sudyasi D.Karimov Oliy sudi plenumi muhokamasiga kiritilgan “Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qaror yuzasidan so‘z yuritdi.
Ta’kidlanishicha, bugun ayrim masalalar yuzasidan yagona yondoshuvni shakllantirish uchun Oliy sud plenumi qarori zarur edi. Ushbu plenum qarori ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqildi. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi sud-huquq va byudjet qo‘mitalari vakillari, biznes ombudsman, TDYuU, Oliy sud ilmiy-maslahat kengashi a’olari fikrlari olindi. Soliq qo‘mitasi, prokuratura, departament, tergov organlari, soliq maslahatchilari bilan o‘tkazilgan tortishuvli mazokalardan so‘ng shu qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Seminar davomida, shuningdek, soliq organlari tomonidan soliq tekshiruvlari natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilish holatlari, soliq hisoblash, moliyaviy jarima va imtiyozlarni qo‘llash hamda soliq organlarining qarorlari asosida soliqlarni undirishdagi xatoliklarga oid muhim masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, soliqqa oid nizolarni ma’muriy va iqtisodiy sudlarda ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.