Soliqchi tadbirkorga kredit olib beroladimi?

Keyingi vaqtlarda “Soliqchi — tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida ishbilarmonga kredit olishda ko‘mak berildi, degan xabarlarni ko‘p o‘qiyapmiz.

Ammo tadbirkorning tijorat bankidan kredit olishini soliqchining xizmati, deyish to‘g‘rimi? Umuman, soliq idorasi tadbirkorga kredit ajratilishida qanday ko‘mak berishi mumkin?

Savolga Samarqand shahar DSI “Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash”
sho‘basi boshlig‘i B.Ahmedov quyidagicha javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2020 yil 8 iyul kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayoniga asosan soliq idoralarida “Soliqchi — tadbirkorga ko‘makchi” tizimi joriy qilingan.

U asosida mutaxassislarimiz, eng avvalo, yangi ish boshlagan tadbirkorning faoliyat yo‘nalishiga qarab, qulay soliq rejimini tanlab beradi.

Shundan keyin, biznes sub’yektining “yashab ketishi”, faoliyat ko‘rsatmayotganlarining faoliyatini tiklash, buxgalteriyasini yuritish, hisobotlarni to‘ldirish va topshirish, xullas, muammolarini hal etishda ko‘mak beriladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, endilikda soliq idoralarining faoliyati qancha qonun buzilishi holati aniqlangani yoki qo‘shimcha soliq hisoblangani bilan emas, balki soliq qonunchiligini buzish holati qanchaga kamaygani, tadbirkorlarni ortiqcha xarajatlardan saqlab qolishga qancha hissa qo‘shilgani bilan baholanadi.

Jumladan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tijorat bankidan kredit olishda muammoga duch kelsa, soliq idorasi tomonidan tegishli bank rahbariyatiga tadbirkorga faoliyatini kengaytirish uchun zarur bo‘lgan kredit mablag‘ini ajratish yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilinadi.