Soliqni mahallaga to‘laysiz 10 foizi hududning o‘ziga qaytadi

O‘tgan yil 26 dekabr kuni davlatimiz rahbarining “Mahalla byudjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorga asosan, joriy  yil 1 yanvardan har bir mahalla o‘zining muammosini hal etish uchun soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarda “Mahalla byudjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etildi.

Ushbu tajriba amaliyotga joriy etilganiga yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Tajriba uchun viloyatimizdan Urgut tumani tanlangan edi. Xo‘sh, loyiha doirasida bugungacha bo‘lgan natijalar qanday? Tuman davlat soliq inspeksiyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu amaliyot sohada kutilgan ijobiy natijani bermoqda.

- Natijaning ijobiyligi dastlab raqamlarda aks etyapti, - deydi tuman davlat soliq inspeksiyasi hisobni yuritish va budjet daromadlarini prognozlashtirish bo‘limi boshlig‘i Feruz Baxronov. – Bu tajriba amaliyotga joriy etilganidan keyingi davrda aholining mol-mulk va yer solig‘i tushumlari bir baravarga oshganidan ham ko‘rinib turibdi. Xususan, tumanning yarim yillik soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 197 foizga bajarildi. Tumandagi  mavjud 120 ta mahallaning barchasida soliq tushumida o‘sish kuzatildi. Buni istalgan biror mahalla misolida ko‘rishimiz mumkin. Masalan, «O‘zbekiston» mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tgan yilning olti oyida soliq tushumlari 56 million so‘mdan ortiqroqni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 152 million so‘mga yetdi. Ya’ni, soliq tushumi o‘tgan yilga nisbatan 268 foizga bajarildi. Bugungacha tumanning Andak, Bekravot, Bunyodkor, Ipak yo‘li kabi mahallalari soliq tushumlarida yuqori natijalar ko‘rsatyapti. Ayrim chekka hududlardagi mahallalar ko‘rsatkichlarining bugungacha past ekanligi esa aholining mavsumiy daromadiga, ya’ni kuzgi qishloq xo‘jalik mahsulotlari yig‘im-terimi bilan bog‘liq. Ammo umumiy ko‘rsatkich o‘tgan yillarga nisbatan olganda butunlay yaxshi tomonga o‘zgargan. Tuman miqyosida o‘tgan yilning olti oyida 6 milliard 480 million so‘m soliq tushumlari undirilgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida bu 6 milliard 500 million so‘mga ortib, 12 milliard 767 million so‘mni tashkil etmoqda.

Ushbu amaliyotdan asosiy maqsad mahallaning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning ma’lum qismini mahallaning o‘zida qoldirgan holda bundan shu hududda yashovchilarni manfaatdor qilishdir. Har oyda soliq tushumlarining 10 foizi keyingi oyning 10-sanasiga qadar tuman byudjeti orqali tegishli jamg‘armalarga yo‘naltiriladi. Keyingi bosqichda tizim asosida shakllantirilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi taklif etilayotgan va amalga oshirilgan tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib boriladi.

- Mahalla budjeti tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi, - deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Akbar Almasov. - Ushbu loyiha amaliyotga to‘liq tatbiq etilgach, har yili 1 fevralga qadar mahalla raisi va hokim yordamchilari bilan birga mahalla byudjeti hisobidan hal qilinadigan loyihalar ro‘yxatini tuman Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritish belgilangan. Mahalla budjeti tizimini joriy etish orqali uning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Joriy etilgan tizim mahallabay ishlashni yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish, davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarining bevosita mahalla darajasiga tushirilishini ta’minlab, hududning o‘zida ko‘plab muammolarni hal etish, jumladan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, moddiy yordam, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kutubxonalar, sport maydonchalari qurish kabi masalalarni hal qilishga zamin yaratadi.

Sulaymon MARDIYeV.