So‘zi ozod, ruhi ozod, o‘zi ozod inson edi...
Poytaxtda yashab, ijod qiladigan yozuvchi, jurnalistlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha musobaqa boshlandi. Markaziy “Paxtakor” stadioni hududida joylashgan respublika shaxmat klubini to‘ldirgan 30 ga yaqin ijodkor dona surishib, kunni kech qildik. Qorong‘i tushdi, musobaqaning bosh hakami e’lon qildi:
– Ertaga ertalab soat 9:00da musobaqa davom ettiriladi! Kech qolganlar musobaqadan chetlashtiriladi!
Nima bo‘ldi-yu, ertasiga picha hayalladim. “Musobaqa boshlanib ketgan bo‘lsa-ya!” degan xavotirda shosha-pisha shaxmat klubiga yetib borganimda soat 9:30 ga yaqinlashgan, kech kuz emasmi, havo sovuq, izg‘irin, qor uchqunlar, ne ko‘z bilan ko‘rayki, klub binosi yonida… Ozod Sharafiddinov nogironlik aravasida, yolg‘iz qunishib o‘tirar, na musobaqa ishtirokchilaridan, na tashkilotchilaridan birortasi ko‘rinmas, hatto eshiklar ochilmagandi…
Hayotda ko‘p-ko‘p yutuqlarga erishgan, tajriba orttirgan sermahsul insonlarga havas qilamiz, bunday yutuqlarning asl sabablarini so‘raymiz-surishtiramiz. Xilma-xil javoblar orasida esa aksariyat eng muhimiga ko‘pda e’tibor bermaymiz. “Eng muhimi” deganda men intizomni nazarda tutyapman, INTIZOMni! Intizom bo‘lmagan joyda har qanday orzu-niyat, har qanday mehnat-mashaqqat, har qanday intilish havoga sovurilishi hech kimga sir emas, sinoat emas, go‘yo juda-juda ko‘pchilik uchun bu oddiy haqiqat, hikmat. Lekin unga rioya etishga kelganda… intizomsizlikka yo‘l qo‘yamiz. Hatto e’tiqod, hatto Alloh in’om etgan iste’dod, hatto sog‘lig‘imizni asrab-avaylash uchun benihoya zarur kundalik majburiyatlarimiz ham juda oddiy va arzimas ko‘ringan intizomsizliklarimiz qurboniga aylanadi.
Ozod domla umri mobaynida nimagaki erishgan bo‘lsa, fe’l-atvoridagi intizomga sadoqat tufayli erishdi!
Oramizda yozuvchi-shoir ozmi? Adabiyotshunoslik nonini yeb umrguzaronlik qilayotganlar ozmi? Nomdorlari ozmi?! Ularning hech birlarini kamsitmagan holda beixtiyor o‘ylab ketasan kishi: nima sababdan “Zamon. Qalb. Poeziya” kitobi 1962 yilda chop etildi-yu, adabiy jamoatchilikni larzaga soldi, oradan 60 yil o‘tsa-da, kitob hali-hanuz o‘zbek ziyolilarining yodidan chiqmaydi, qo‘lma-qo‘l o‘qiladi? Qadrlanadi? Vaholanki, Qo‘qon shahrining Oxunqaynar qishlog‘ida tavallud topgan muallifni ko‘pchilik tanimas-bilmas, u endigina 30 yoshdan oshgan navqiron mutaxassis edi, xolos. Ozod Sharafiddinov mualliflarining jamiyatda tutgan mavqeidan qat’i nazar, badiiy asarlarni badiiylik qonuniyatlari asosida tahlil qildi, bahosini berdi. Jo‘n qilib aytganda, TO‘G‘RISINI yozdi, BORINI yozdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, badiiylik qonuniyatlariga nisbatan o‘zidagi — ilmidagi intizomni sadoqat, xolislik, mas’uliyat darajasiga ko‘tardi.
Odamning ismida hikmat ko‘p degan gapni Ozod domlaga nisbat berilsa, olam-olam taassurotlar yog‘iladi. Ustoz favqulodda ozod inson edi, fikrda, dunyoqarashda, tafakkurda erkin-hur edi. Inson har qadam-har lahzada kimgadir-nimagadir baho beradi, munosabat bildiradi, bu tabiiy hol. Ozod Sharafiddinov qanday o‘ylasa, to‘la ishonch va qat’iyat bilan shunday gapirar, nuqtai nazari boshqalarning nuqtai nazari bilan “til topishadimi-yo‘qmi”, murosa yo‘lini izlamasdi. Sho‘ro mafkurasi avj pardada “shataloq otgan” davrlarda ham jadid munavvarlarimizni himoya qilish borasida bir qadam (!) ham chekinmadi. Mafkurani tayoq qilib ikki qo‘lida o‘ynatadigan kazo-kazolar panjasiga panja urishdan cho‘chimadi. Qizig‘i shundaki, Ozod domla bularni qahramonlik, millatparvarlik, vatanparvarlik bayrog‘i ostiga yashirgani yo‘q, hayot, tarix va badiiy haqiqat mezonlaridan kelib chiqqan holda to‘g‘ri deb bildi. Inon-ixtiyorini botinni to‘ldirgan ozod ruhga topshirib yashadi.
Mutolaaga o‘chlik borasida Ozod domlaga bas keladigan kitobxon yo‘q edi hisobi. U kishining tiynatida ko‘z ochgan va tarbiyalangan (yuqorida sanab o‘tilgan) ozodlik, hurlik, erkinlik tuyg‘ulari chuqur ilmiy asosdan yetilib chiqqani uchun ham kuchi, qudrati, zalvori bilan ajralib turar, bu ilmiy salohiyatga qarshi mulohaza aytishga uncha-muncha “do‘st-u g‘anim” jur’at qilolmasdi. Nafaqat rasmiy marosimlarda, oddiy do‘stona ulfatchilik davralarida ham Ozod aka “ag‘dan-bag‘dan” qabilida shunchaki gurunglashmas, yaqinda o‘qigan kitobi bormi, tomosha qilgan filmi bormi, o‘shalardan so‘z ochar, suhbatdoshlarga yangidan-yangi ma’lumotlar ulashar yoxud o‘zini o‘ylantirgan qaysidir masala-muammoni o‘rtaga tashlab, davradagilarni fikr almashishga chorlar, undar edi. Ochig‘i, Ozod aka falon kitobni o‘qidingizmi yoki piston filmni tomosha qildingizmi, deb so‘rab qolishidan hayiqardik. Fikrchan, yangilikka o‘ch hamsuhbat Ozod domlaning joni dili edi, bu borada suhbatdoshning mansab-martabasi, yoshiga qaramasdi.
Ozod Sharafiddinov umr bo‘yi xalqimizning ulkan va nomdor ziyolilari davrasida yashadi, ijod qildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakulteti yurtimizning eng mo‘’tabar ilm-fan va ma’rifat markazlaridan bo‘lgan yillarda talabalarga saboqlar berdi, zamonaviy adabiyotimizning ulkan namoyandalari hayot va ijod maktablarida ulg‘aydi.
Yosh mustaqil O‘zbekiston 60 yoshdan oshib borayotgan Ozod Sharafiddinovga qaytadan yoshlik g‘ayratini in’om etdi. Adabiyotimiz tarixining ochilmagan qo‘riqlarini ochishda, mumtoz adabiyotimiz an’analarini ardoqlashda, o‘zbek adabiyotini jahon adabiyotining haqli a’zosi sifatida qadrlashda… xalqimiz hayotining eng qaynoq jabhalariga doir qarashlarini, fikr-mulohazalarini dadil va baralla o‘rtaga tashlashda biron kun, biron daqiqa kuch-g‘ayratini ayamadi domla. “Istiqlol fidoyilari”, “Sardaftar sarlavhalari”, “Ma’naviy kamolot yo‘llarida”, “Cho‘lponni anglash”, “Ijodni anglash baxti” singari o‘nlab kitoblari, yuzlab tarjima asarlari keng kitobxonlarning ma’naviy mulkiga aylandi. Tom ma’nodagi ZIYoLI shaxsga — jamiyatda yuz berayotgan har qanday voqea-hodisa haqida shaxsiy munosabatini bildirishga haqli inson maqomiga ko‘tarildi.
Domlaning “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” deb nomlangan iqrornomasi favqulodda shov-shuvga sabab bo‘ldi. Komfirqa tarix sahnasini tark etgach, millionlab odamlar e’tiqodlararo sarsonlikka uchradi. Eng og‘iri, kim qaysi e’tiqod etagini tutishini bilmay, arosatda qoldi. Ozod domla esa zarracha ikkilanmay minbarga chiqdi, qalbida ne gap, ne dardi bo‘lsa, borini boricha to‘kib soldi. Bu ham mardlik, tantilik edi. O‘ylaganiday gapirishi, gapirayotganday yashashiga yaqqol misol edi. Buyuk Lev Tolstoyning “Iqrornoma”si turtki berdimikan bunday jo‘mardlikka, degan xayollarga borasan kishi. Naqadar ulkan mehr-muhabbat hayajonida o‘zbekchalashtirgan edilar domla bu bebaho tavbani, vasiyatnomani!..
…1996 yil 4 sentyabr. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov huzurida bir guruh ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari yig‘ilishdi. Davlatimiz rahbari so‘z navbatini Ozod akaga berdi. Domla, “Adabiyot shunday sohaki!..” deya jumlani boshlab ulgurmay, Prezident shundoqqina o‘ng tomonida o‘tirgan Ozod domla tomon o‘girildi-da, “Yaxshi bilaman, siz dunyo adabiyotini sevasiz, nima uchun o‘zbek o‘quvchilari uchun “Dunyo adabiyoti” degan jurnal chiqarmasligimiz kerak?! Imkonimiz bor-ku!” dedi. Oradan ko‘p o‘tmay, “Jahon adabiyoti” jurnalining ilk soni Ozod Sharafiddinov bosh muharrirligida bosmadan chiqdi! Domlaning imzosi bilan o‘quvchilarga taqdim etilgan “Jahon adabiyoti”ning dastlabki 100 soni milliy adabiyotimizda o‘ziga xos tarixga aylandi.
Bir gapni aytish o‘rni keldi.
XX asrning avvalida xalqimizning peshqadam vakillari safida jonbozlik ko‘rsatgan munavvarlarimizni yaxshi bilasiz: Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar Qori, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon…
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr: Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda…
Ularning izdoshlari: Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov…
Mulohaza qilib ko‘raylik. Qaysi xalqning tarixi o‘rganilsa, turli davrlarda keng ommaning hurmatini qozongan, xalq nomidan so‘z aytishga ma’naviy haqqi bo‘lgan insonlarning aksariyati ijod kishilari bo‘lishgan — adiblar, shoirlar, publitsistlar… qalam ahli. Sabab? Badiiy ijodning ilohiy kuch-qudrati tabiatan, mohiyatan xalqning qalbidan, orzu-havasidan, armonu tashvishlaridan suv oladi, shu tariqa qon va jon tutashib ketadi. Shu bois ham katta ijodkorlarda shaxsiy va ijtimoiy dard orasida farq qolmaydi, shu boisdan ham yuqorida muborak ismlari yodga olingan zotlar o‘zlarini xalqning faxri, iftixoriga aylanib qolganlarini sezishmagan, balki xoh asarlarida, xoh aytar so‘zlarida el-yurt dardini ko‘tarib chiqqanlar.
Har qanday jamiyat o‘z davrining yetakchilariga, namuna va ibrat bo‘larli ma’naviy yo‘lboshchilariga katta ehtiyoj sezadi.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston fan arbobi Ozod Sharafiddinov ana shunday noyob martaba nasib etgan inson edi. Ustoz o‘z xalqining buguni va ertasi haqida qayg‘uradigan, xalqning nomidan so‘z aytishga haqli yuksak maqom egasiga aylandi. Qator-qator maqolalari, suhbat va intervyulari haqli ravishda keng kitobxonlar, gazetxonlar, jurnalxonlar tomonidan sevib o‘qildi. Salmon Rushdidek zamonaviy jahon adabiyotining taniqli vakiliga ochiq maktub yo‘llab, tap tortmay uning popugini pasaytiradigan gaplarini aytdi.
…O‘zbekiston televideniyesi “Axborot” ko‘rsatuvining nomdor sharhlovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidovning “Farg‘ona yog‘-moy” korxonasidan tayyorlagan jurnalistik tekshiruvi eng yuqori darajalarda aks sado berdi. Tegishli choralar ko‘rildi. Ozod Sharafiddinov ayni shu ko‘rsatuvdan ilhomlanib tug‘ilgan ehtiroslarini Muham-madjon Obidovga yo‘llagan ochiq xatida batafsil bayon etdi. “Qishloq hayoti” gazetasining 2001 yil 21 iyun sonida bosilgan ochiq xat nafaqat bir telemuxbirning jasorat bilan tayyorlagan axboroti, balki to‘g‘ri so‘zning, xalq manfaati yo‘lida adolat yo‘lini tutishning naqadar og‘irligi va mashaqqatlarga to‘laligiga hurmat tantanasiga aylandi. “Mas’uliyat” deb nomlangan ochiq xat, avvalo, xalqimiz hayotidagi hech bir voqea-hodisa Ozod Sharafiddinovning ziyrak va hushyor nazaridan chetda qolmasligining dalolatiga aylangan bo‘lsa, ikkinchidan, mazkur munosabat milliy jurnalistikamiz tarixiga muhrlab qo‘yishga arzirli voqea sifatida yodda qoldi!
…1999 yil, 16 aprel. Milliy akademik drama teatri gavjum. Tantana qahramoni — tavalludining 70 yilligi nishonlanayotgan Ozod Sharafiddinov so‘zni favqulodda qisqa qildi:
— Yuragim gapga to‘lib yotibdi… Ziyoli odam vaqti kelib shaharning bosh maydoniga chiqib, xalqining yuziga tik boqib, hisob berishga tayyor bo‘lmog‘i lozim!..
…Qandaydir yumush bilan domlaning uyiga bordim. Ichkari kirdim. Ustoz karavotda o‘tiribdi. Ikki oyoq kesilgan, bir burda tana. Oldida yasama kursi, bosh uzra 500 quvvatli lampochka charaqlagan, ko‘zoynak taqilgan, bir qo‘lda lupa – domla bosh ko‘tarmay o‘qib, yozib-chizyapti.
— “Jahon adiblari adabiyot haqida” kitobi uchun maqolalar tarjimasi tugay deb qoldi, shu bilan bandman…
Ko‘z o‘ngimdan o‘chmaydi u manzara, qulog‘im ostidan ketmaydi u so‘zlar. Shu yoshga chiqib, shu-uncha og‘irdan-og‘ir dard-azoblarini boshdan kechirib, bir og‘iz “uh” demadi-ya, bu Inson. Nolimadi-ya! Alloh ravo ko‘rgan umrning so‘nggi lahzalarini-da g‘animat bilib, adiblarimiz, yoshlarimiz, muxlislarimiz jahonning mashhur so‘z zargarlarining adabiyot haqidagi o‘lmas o‘gitlaridan boxabar bo‘lishlarini istadi, orzu qildi, umid qildi…
Xurshid Do‘stmuhammad,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi.
(«Farg‘ona haqiqati» gazetasidan olindi).
P.S. Taqdir o‘yini
2005 yilning 4 oktyabr kuni ro‘zaning birinchi kuni saharligini o‘tkazib, endi tilovati Qur’on qilgan edik, telefon ovoz berib qoldi. Domlamiz Umarali Normatov: “Ozod akani berib qo‘ydik” dedilar.
Taqdir o‘yiniga e’tibor qiling. Fitrat, Otajon Hoshim, Sulaymon Xo‘ja, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi go‘zal va benazir insonlar aynan 4 oktyabr kuni nahorda otilganlar.
Buni qarangki, ustozimiz Ozod Sharafiddinov ham 4 oktyabrda hayotdan ko‘z yumdilar…
Omonulla Madayev.
(“Universitetda muhrlangan lahzalar” kitobidan).