Spektakl ko‘p, tomoshabin-chi?

Ziyoli bir tanishimni teatrga taklif qildim.

- Aka, bugun bir teatrga bormaymizmi, shu bahona bolalarni ham aylantirib kelardik?

- Do‘stim, bugun dam olish kuni bo‘lsa, undan ko‘ra biror joyga borib, ikki six shashlik bilan-a, nima deysiz?...

Ochig‘i, ba’zida o‘zim va atrofimdagi ziyolilarning teatr, muzey yoki tarixiy obidalarga kam borishidan xijolat chekaman. Chet davlatlarga borganlarning aytishicha, bunday maskanlarga kelayotganlar orasida mahalliy aholi ko‘pchilikni tashkil qilar ekan. Afsuski, bizda bunday emas. Umuman, ma’naviyat, madaniyat va tarixga qiziqish, uni hurmat qilish ko‘nikmasi quyi bo‘g‘inga tushib borayotgandek nazarimda. Aksincha bo‘lganda, odamlar, ayniqsa, yoshlar bo‘lar-bo‘lmas shou ko‘rsatayotgan guruhlar orqasidan ergashmasdi, ulardan andoza olmasdi.

Xo‘sh, bunga sabab nima?

Birinchidan,  bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar ommalashib, yengil-yelpi lavhalar, saviyasi past qo‘shiq va filmlar, bachkana dastur hamda ko‘ngilochar videolar ko‘payib ketdi. Bu esa odamlarga ma’naviy ozuqa bo‘ladigan madaniyat va san’atning jar yoqasiga kelib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Ikkinchidan, xorij madaniyati, kinosi, qo‘shiqlari, umuman, “ommaviy madaniyat”ning kirib kelishi oqibatida zamonaviy hayot tarzida ko‘proq interaktiv va dinamik ko‘ngilochar vositalarga talab oshmoqda. Natijada bularning barchasi milliy madaniyatimiz va san’atimizga salbiy ta’sir qilyapti hamda teatr va muzeylarning o‘rni yo‘qolib boryapti.

Uchinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda teatr repertuaridagi spektakllar reklamasi mashhur insonlar yoki kreativ videorolik va treylerlar orqali namoyish etilmaydi. Shunchaki e’londa qaysi teatrda, qanday nomdagi spektakl namoyish etilishi ko‘rsatiladi, xolos. Vaholanki, mashhur va professional aktyorlar yoki rejissyorlarning xatti-harakati, targ‘ibotlari spektaklga bo‘lgan qiziqishni oshiradi.

To‘rtinchidan, kitob o‘qiydigan, ilmga qiziqadiganlar ham kamayib ketmoqda. Psixologlar fikriga ko‘ra, hozir odamlar ko‘pincha ish, o‘qish yoki hayotdagi boshqa muammolar sababli ko‘p stress va tanglikka duch kelishadi. Yengil mazmundagi kontent ularga diqqatini chalg‘itish, dam olishi va kayfiyatini ko‘tarishga yordam beradi.

Beshinchidan, odamlar uzun va ma’nodor kontentni tushunish uchun vaqt va diqqat zarur bo‘ladi. Bizda esa bitta spektaklni ko‘rishga kamida bir soat vaqt ketadi. Odamlar esa ko‘p vaqt sarflamasdan yengilroq va tezroq mazmunli narsalarni tanlashadi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar yengil kontentni keng tarqatadi va unga bo‘lgan talabni oshiradi. Odamlar o‘z atrofidagilarning tanlovlariga ta’sirlanib, shunday kontentlarni tanlashga moyil bo‘lmoqda.

Teatr jonli ko‘zgu, undan voz kechib bo‘lmaydi

Teatrga tushish uchun biron hafta oldin chipta olib qo‘yilmasa, spektakl ko‘rish amrimahol bo‘lgan paytlarni yoshi kattalar yaxshi eslaydi, - deydi viloyat musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Rahimov. - 46 yillik faoliyatimdan kelib chiqib aytishim kerakki, teatr shunchaki sahna asari emas, balki jonli ko‘zgu. Turmush tarzimizdagi nuqsonlarni, insonlarning asl qiyofasini ochiq-oydin ko‘rsatadi, atrofimizda yuz berayotgan, ammo biz ilg‘amagan hayot haqiqatlarini anglashga undaydi. Shu bois undan voz kechib, yo‘qotib yoki o‘rnini boshqa narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Hozir ham teatrlarimizda qo‘yilayotgan spektakllarda ana shu mazmun va g‘oya saqlanib qolgan. Faqat bunday asarlarimiz sanoqli. Bu esa teatrlarimizga mahoratli aktyor, rejissyor va dramaturglar kerakligini anglatadi.

Tomoshabinlarga kelsak, ularning teatrga kelib, spektakl tomosha qilishi, undan xulosa chiqarishi jamiyatning saviyasi, odamlarning turmush darajasi va eng asosiysi, oila muhitiga bog‘liq. Oramizda umrida bir marta teatrga bormagan, spektakl tomosha qilmaganlar bor. Bu ham mayli, teatrga kelib, spektakl ko‘rish o‘rniga, gap sotib o‘tirgan yoki telefonidan boshini ko‘tarmayotgan tomoshabinlar ham yo‘q emas. Misol uchun, hokim teatrga borsa, u bilan o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddilar ham keladi. Oilada ham shunday - oila boshlig‘i yaqinlariga o‘rnak bo‘lsa, qolganlar ham unga ergashadi. Aytmoqchi bo‘lganim, bugungi globallashuv davrida odamlarga ma’naviy ozuqa bo‘ladigan teatrga,  umuman, madaniyat va san’atga befarq qarab bo‘lmaydi. Shunday ekan, har birimiz o‘zgarishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak.

Tizimda qanday muammo va kamchiliklar bor?

Viloyatimizda to‘rtta teatr bor. Viloyat musiqali drama teatriga 1914 yil 15 yanvarda Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» spektakli bilan tamal toshi qo‘yilgan. 110 yillik tarixga ega teatrda turli mavzu va janrlardagi tarixiy, milliy, zamonaviy va jahon klassik asarlari sahnalashtirilib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.

- Teatrimizda 200 nafardan ziyod xodim ishlaydi, - deydi teatr direktori Botir Tugalov. – Teatrlar rejasiga ko‘ra, yiliga to‘rtta yangi spektakl sahnalashtiramiz. Hozirda 20 dan ortiq spektakl muxlislar e’tiboriga havola etilmoqda. Ko‘pchilik teatr bilet narxlari qimmat deb o‘ylashi mumkin, lekin unday emas. Biletlar tomoshabinning yoshiga qarab, 10 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha sotiladi. Bayramlar arafasida va teatr haftaligi kunlarida spektakllar bepul namoyish etiladi.

Tizimdagi asosiy muammolardan biri kadrlar masalasi. Teatrimizda sahna ishchilari, shifokor, marketolog, axborot xizmati shtati yo‘q. Aksariyat xodimlarimizga bu ishlar qo‘shimcha vazifa sifatida yuklatilgan. Shuningdek, sahna uchun media apparatlar, dekoratsiyalar, ko‘rgazma vositalari yetarli emas. Teatr truppalarining hududlarda tomoshalar qo‘yishi, turli tadbirlarga jalb qilinishi uchun yo‘l xarajatlari va bilet pullari teatrlar hisob raqamiga o‘tkazib berilishi kerak. Chunki teatr xodimlari o‘sha mablag‘ hisobidan oylik oladi va spektakl dekoratsiyalarini yaratish, asarlarni sahnalashtirishga ishlatiladi. Buning uchun esa mahalliy hokimliklar, korxona va tashkilotlar teatrlar hamda hududlardagi madaniyat bo‘limlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak. Hozir esa barmoq bilan sanoqli tashkilotlar bilan shartnoma imzolaganmiz. Xodimlarga kelsak, tizimda yosh aktyorlar ko‘p va doim ham rolini qoyillatib ijro etavermaydi. Chunki keyingi yillarda aktyorlar attestatsiyadan o‘tkazilmayapti va malakasiz xodimlar ko‘paygan.

Mutaxassislar fikridan ko‘rish mumkinki, odamlarning spektakllarga qiziqishini oshirish, tomoshabinlar o‘rnini to‘ldirish uchun teatrga borishni odatga aylantirish lozim. Buning uchun, avvalo, ta’lim muassasalari va viloyatdagi teatrlar bilan shartnoma tuzish, spektakllar reklamasi, namoyishi uchun mablag‘ ajratish zarur. Bog‘cha va maktab yoshidagilarning teatrlarga qat’iy va muntazam borishini yo‘lga qo‘yish kerak. Shuningdek, har bir tashkilotda ham bu amaliyotni qat’iy belgilash maqsadga muvofiq. Albatta, teatrga borishni tashkil qilish uchun yo‘l xarajatlari asosiy masala va bu mablag‘ bilan bog‘liq. Tashkilotlarda kasaba uyushmasi tomonidan har bir xodim uchun yig‘im olinadi. Jarayonni ana shu mablag‘ yoki homiylik mablag‘lari hisobidan ham tashkil qilsa bo‘ladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.