Spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan ota-onalar sababli uydan qochib ketayotgan bolalarning taqdirini sud hal qiladi
Joriy yilning 16 fevral kuni soat 04:25 da Mirobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga ikki nafar voyaga yetmagan bolalarning otasi 36 yoshli Yevgeniy A. murojaat qildi.
Uning aytishicha, 15 fevral kuni taxminan soat 8.00 da uning 11 yoshli o‘g‘li va 8 yoshli qizi uydan chiqib, noma’lum tomonga yo‘l olganlar va qaytib kelishmagan. Ko‘rilgan choralar sababli bolalar IIBB PPX xodimlari tomonidan topilib, uyiga qaytarilgan.
Ammo keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bolalar qasddan uydan qochib, qo‘shni uyning tomida spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan ota-onalaridan yashirinishar ekan.
Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, ushbu fakt bo‘yicha tekshiruv olib borilib, qo‘shnilarning fikrlari o‘rganildi.
Hozirgi vaqtda ota-onalik huquqini cheklash masalasini hal qilish haqida hujjatlar to‘plami tayyorlanmoqda.
Bolalar esa sud tomonidan ularning taqdirlari bo‘yicha qaror qabul qilinguncha, Toshkent shahar IIBB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam markaziga joylashtirildi.