Sport sohasidagi muammo va kamchiliklar qachon hal etiladi?

Viloyatda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday ketyapti, mahallalarda qurilgan sport maydonchalari talabga javob beradimi, sport federatsiyalari qanday ishlayapti?

Tizimdagi yangilik va o‘zgarishlar, muammolar xususida viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev bilan suhbatlashdik.

- Joriy yilning olti oyida viloyatda ommaviy tadbirlarni tashkil etish kalendar rejasiga muvofiq, yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va «Workout» bo‘yicha aholi o‘rtasida tashkil etilgan yuzga yaqin sport musobaqalari va tadbirlariga qariyb 94 ming nafar aholi jalb qilindi, - deydi Sh.Ro‘ziyev. - Shu bilan birga, mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Besh tashabbus olimpiadasi» ommaviy sport musobaqalarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan 621 ming 461 nafar yoshlarning musobaqalarda ishtirok etishi ta’minlandi. Ayni paytda jarayon davom etmoqda.

- Shuhrat aka, keyingi ikki yilda viloyatdagi mahallalarda 80 dan ziyod sport maydonchasi barpo etildi. Ammo ko‘pchilik ushbu sog‘lomlashtirish maydonchalari sifatsiz qurilgani va qarovsiz qoldirilgani haqida aytmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri?

- Bu bor gap. Viloyatdagi mahallalarda sport vazirligi tomonidan 2022-2023 yillarda 31 ta universal, 36 ta stritbol-vorkaut, 16 ta vorkaut maydonchasi qurilgan. Mazkur maydonchalar asosan Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Qo‘shrabot, Narpay, Nurobod, Oqdaryo, Payariq, Past Darg‘om, Samarqand, Toyloq, Urgut tumanlari hamda Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi mahallalarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalarining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan yoshlarning mahallasiga vazirlik tomonidan qurib berilgan.

Aholidan tushayotgan murojaatlar asosida sport vazirligi hamda viloyat sport boshqarmasi ishchi guruhi sport maydonchalarining qurilish holati, saqlash, undan foydalanishni o‘rganganda mavjud 83 ta sport maydonchasidan 11 tasining holati qoniqarsiz ekanligi aniqlandi. Ularning aksariyati Urgut tumanidagi mahallalarda barpo etilgan sport maydonchalaridir. Xususan, tumandagi 13 ta sport  maydonchasining 5 tasi qarovsiz ahvolga kelib qolgan. Andak, Zarafshon, Vatak, Kenagas mahallalaridagi sport maydonchalarining rezina qoplamasi yemirilgan. Pastki Kalangar mahallasidagi universal sport maydonchasining ipli to‘rlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Vaholanki, mazkur sport maydonchalari foydalanishga topshirilganiga ko‘p bo‘lmagan. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Do‘stlik, Toyloq tumanidagi Birlik mahallasida barpo etilgan sport maydonchalari xususida ham shunday deyish mumkin. Ya’ni mazkur hududlarda sport maydonchalaridan unumli foydalanishga e’tibor berilmagan.

O‘rganish davomida sport maydonchalarining qurilish holati va sifatiga ham baho berildi. Misol uchun, Past Darg‘om tumanidagi Boldir mahallasida 2023 yilda qurib foydalanishga topshirilgan vorkaut maydonchasidagi ayrim mashg‘ulot anjomlarining payvandlash qismi ko‘chib tushgan. Qurilishidagi kamchiliklar yuzasidan qurilish tashkiloti mutasaddilariga ko‘rsatma berildi va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Aytish joizki, sport maydonchalarini saqlash va undan foydalanish uchun nafaqat hududdagi sport maktablari mutasaddilari, balki mahalladagi yoshlar yetakchilari, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari  mas’ul hisoblanadi.

- Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu bizga nima beradi?

- «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida besh yo‘nalishda «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari o‘tkazilmoqda.

Viloyatda ham joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan sport sinovlari murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida qabul qilinmoqda. Shuningdek, sport sinovlarini topshirgan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyotini joriy etish maqsadida my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimi ishga tushirilgan.

Bugungi kungacha maktab o‘quvchilarining 503 ming 123 nafari (65 foiz) sport sinovlarini topshirgan bo‘lsa, OTMlardan 46 ming talaba sport sinovlarini topshirish istagini bildirdi. Yil yakuniga qadar aholining 40 foizidan sport sinovlarini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, maxsus talablarini bajargan g‘olib va sovrindorlar «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, bir yil mobaynida ko‘plab imtiyozlardan foydalanadi.

- Sport sohasida qanday qonunbuzilish holatlari uchrayapti?

- Viloyatda sport sohasida qonunbuzilish holatlari va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish uchun vazirlik tizimida aloqa kanallari hamda ishonch telefonlari ishlamoqda. Shuningdek, tizimda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarning oldini olish, davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish, ortiqcha ovoragarchilikka barham berish maqsadida sohadagi 24 ta yo‘nalishni qamrab olgan «ERP-sport» yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilgan. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini shakllantirish uchun boshqarmamizda korrupsiyaga qarshi kurashish jamoatchilik tuzilmasi ish olib boryapti.

Ammo shunga qaramay, sohada ma’muriy kadrlarni tanlash, ish haqlarini hisoblash va to‘lash, sport ta’lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilish, sport muassasalarining moddiy-texnik ta’minoti, trener-o‘qituvchilarga malaka toifasi hamda sport pasporti berish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar uchramoqda. Xususan, yaqinda Toyloq, Payariq va Narpay tumanlaridagi sport muassasalarida shu kabi holatlar kuzatilgan bo‘lsa, respublika ishchi guruhining o‘rganishi natijasida Qo‘shrabot, Nurobod va viloyatning yana bir qancha tumanlarida «Besh tashabbus olimpiadasi» musobaqalarini tashkil qilish,  aholining jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlarini olish hamda seleksiya ishlari bilan bog‘liq muammo va kamchiliklar aniqlandi. Kamchiliklarni bartaraf qilish va ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilgan.

 - Sport sohasida erishilayotgan yutuqlar hamda o‘z navbatida muammo va kamchiliklarga to‘xtalsangiz.

- Viloyatda bugungi kunda 65 ta sport tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Sport turlari bo‘yicha viloyatimizdan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga 1421 nafar - asosiy tarkibga 949 nafar, zaxira tarkibga 472 nafar qabul qilingan. Bu milliy terma jamoa tarkibining qariyb 10 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.

Joriy yilning besh oyi davomida viloyatimiz sportchilari O‘zbekiston chempionatida 956 ta (261 ta oltin, 327 ta kumush, 368 ta bronza), jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida 176 ta (52 ta oltin, 54 ta kumush, 70 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi. Ammo viloyatdagi ayrim sport federatsiyalarda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Jumladan, dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo sport federatsiyalari yaxshi natija ko‘rsatyotgan bo‘lsa, basketbol, suzish, gandbol, erkin kurash, qilichbozlik, ot sporti, voleybol, sportning texnik va o‘q otish, tennis, badminton, regbi federatsiyalari qoniqarsiz natija qayd etmoqda. Shuningdek, keyingi yillarda penchak silat, kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati federatsiyalari O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchi yetkazib bermayapti. Federatsiyalardagi ushbu muammolar soha mas’ullari ishtirokida muhokama qilinib, topshiriqlar ijrosi nazoratga olingan.

- Joriy yil yakuniga qadar sohada qanday ishlar amalga oshiriladi?

- Viloyatdagi ta’mirtalab sport inshootlari manzilli dastur asosida bosqichma-bosqich ta’mirlanadi. Investitsiya dasturi bo‘yicha 3 ta sport ob’yekti foydalanishga topshiriladi. Xususan, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida  250 o‘rinli yotoqxona, 250 o‘rinli oshxona va 34x36 o‘lchamli sport zal quriladi. Viloyat futbol akademiyasida yengil konstruksiyali sendvich paneldan 24x48 o‘lchamdagi sport zallari barpo etiladi. Shuningdek, viloyatimiz bir nechta nufuzli sport musobaqalariga mezbonlik qiladi. Jumladan, 30 oktyabr-3 noyabr kunlari  Registon maydonida “Samarkand marathon” yugurish marafoni bo‘lib o‘tadi. 2026 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish ishlari boshlanadi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV suhbatlashdi.