Sport xabarlari: shaxmat, erkin kurash, stol tennisi, muaytay
Shaxmat. Pastdarg‘omlik shaxmatchi Guldona Karimova 18 yoshlilar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘ldi va mazkur natijasi bilan ayollar o‘rtasida xalqaro sport ustasi unvonini oldi.
Erkin kurash. Tailandning Sirachi shahrida sportning erkin kurash turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Samarqand olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchisi Shohiddin Aliyev 57 kilogramm vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Stol tennisi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning stol tennisi turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning respublika bosqichi 22-26 yosh toifasida qizlar o‘rtasidagi bahsida Payariq tumani Maniobod mahallasidan Sarvinoz Bozorova, para yengil atletika bo‘yicha Nurobod tumani Olg‘a mahallasidan erkaklar o‘rtasida Amir Safarov, para shaxmat bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida Narpay tumani Totkent mahallasidan Munisa Toshmamatova birinchi o‘rinlarni egalladi va ularning mahallasiga zamonaviy sport maydonchalari qurib beriladigan bo‘ldi.
Muaytay. Namangan viloyatida muaytay sport turi bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida "Yoshlar ittifoqi raisi" kubogi respublika turniri o‘tkazildi.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 400 nafar sportchi, 54 vazn toifasida bahs olib bordi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida viloyatimiz sportchilari birinchi o‘rin bilan kubokni qo‘lga kiritdi.
Kurash. Toshkent viloyatida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida sportning kurash turi bo‘yicha “Kurash - milliy g‘ururimiz” shiori ostida o‘tkazilgan respublika turnirida viloyatimiz jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush va 7 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Bekzod AHMEDOV.