SSV ikki kunda koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi

28 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 266 nafar bemordan 16 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 29 iyun kuni esa 274 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 20 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.

Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, ham umumiy kasallanish ko‘rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshganini ko‘rish mumkin.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yashovchi Sh.G‘.da, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yashovchi 8 nafar fuqaroda, Mirobod tumanidagi xususiy oyoq kiyim ta’mirlash ustaxonasi egasi U.U.da, “Megaplanet” savdo majmuasidagi “Sofiya” shirinlik do‘koni ishchisida, Sergeli tumanidagi “ENTER Engineering” kompaniyasi hisobchisi N.M.da, Respublika o‘smirlar va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordam tashkil etish markazi muqobil tibbiy komissiyasi hamshirasi Sh.Sh.da kasallik aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent shahridagi “Kristal” savdo markazi kiyim-kechak do‘koni sotuvchisi U.R.da (Qozog‘istonga ketayotganligi uchun namuna topshirgan), Yunusobod tumanida yashovchi U.B.da (Yunusobod dehqon bozoriga borgandan keyin tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), “Abu Saxiy” savdo markazi xodimi S.Q.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli murojaat qilgan), “Toshkent city” qurilish ob’yekti oshpazi M.M.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan) ham koronavirus qayd etilgan.