Sud – adolat qo‘rg‘oni, ammo Qodir bobo undan adolat topolmayapti

Shunga asosan, 2012 yilda Samarqand shahar hokimligi tomonidan Q.Amonovga uyning ko‘cha tomoniga qaragan eni 7 metr, uzunligi 18 metrlik buzilishi lozim bo‘lgan qismi o‘rniga ikki qavatli, ya’ni birinchi qavatiga savdo do‘konlari, ikkinchi qavatiga uy-joy qurish tavsiya etilgan. Ammo Q.Amonov ushbu qurilishni amalga oshirish uchun mablag‘i yo‘qligi bois buni rad etadi. Shundan keyin Samarqand shahri P.Sulaymoniy ko‘chasida yashovchi fuqarolar E.Abdullayev va F.Ahmedov tomonidan Q.Amonovga ushbu qurilishni o‘zlarining hisobidan amalga oshirish taklifi bildiriladi. Kelishuvga ko‘ra, yangi qurilgan binoning uchdan ikki qismi E.Abdullayev va F.Ahmedovlar, uchdan bir qismiga (qo‘shimcha ravishda 8 metr x 6 metr yerto‘lasi bilan) Q.Amonov egalik qilishi ko‘zda tutiladi. Ushbu kelishuv 2012 yil 28 yanvar kuni Samarqand shahridagi 13-son davlat notarial idorasida tasdiqlanadi. 2012 yil 23 aprelda tomonlarning roziligi haqidagi arizalar shahar arxitektura va qurilish bo‘limining xulosasi inobatga olinib, Samarqand shahar hokimining qayta qurishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinadi.
2013 yil 10 iyunda yangi qurilgan binoga davlat qabul hay’atining dalolatnomasi asosida Samarqand shahar hokimining egalik huquqi o‘rnatilishi yuzasidan qarori qabul qilinadi. Ammo Q.Amonovning ta’kidlashicha, ancha vaqt bu haqida uning xabari bo‘lmagan. Binoni qabul qilish uchun hech kim kelmaganini iddao qiladi. Uning aytishicha, yangi qurilgan binoning o‘ziga tegishli uy-joy qismi hujjatini ham keyinchalik olgan. Qolaversa, kelishuvda belgilangan uy-joy ta’mirlanishi oxirigacha yetkazilmagan. Biz ham bu holatga shikoyatni o‘rganish chog‘ida guvoh bo‘ldik.
Q.Amonovning muammolari aynan shundan keyin yuzaga kela boshladi. Ya’ni, notarial tasdiqlangan va shahar hokimi qarorida belgilangan binoga qo‘shimcha ravishda E.Abdullayev va F.Ahmedovlar tomonidan loyihadan tashqari 10 metr x 1,20 metr ayvon o‘zboshimchalik bilan qurib olinadi.
Ushbu holat yuzasidan Q.Amonov 2014 yilda qo‘shimcha qurilgan ayvon uning oilasi yashashiga noqulaylik tug‘dirayotgani, shu masalani hal etib berishini so‘rab shahar hokimligiga ariza bilan murojaat qiladi va unga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi lozimligi tushuntiriladi. Fuqarolar E.Abdullayev va F.Ahmedovlar og‘zaki kelishuv asosida loyihadan tashqari qo‘shimcha qurilish va ta’mirlash ishlarini olib borganligi va buning uchun sarflagan qo‘shimcha 22 million 945 ming so‘mni Q.Amonovdan undirib berilishini da’vo qilishadi.
2014 yil 23 oktyabrda ushbu nizo fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqiladi va ikki tomonning da’vo arizalari rad etiladi. Mazkur ish yuzasidan 2015 yil 2 iyunda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasining ajrimi qabul qilinadi. Ushbu ajrimga nisbatan O‘zbekiston Oliy sudi raisi o‘rinbosari tomonidan keltirilgan protest asosida 2016 yil 9 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ushbu ish nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, ajrim bekor qilinadi, ish yangidan ko‘rish uchun shu instansiya sudiga yuboriladi.
2016 yil 5 may kuni mazkur ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudida ko‘rib chiqiladi. Sud Q.Amonovning loyihadan tashqari o‘zboshimchalik bilan qurib olingan 10 metr x 1,20 metr hajmdagi ayvonni buzish haqidagi da’vosini qanoatlantirish, fuqarolar E.Abdullayev va F.Ahmedovlarning 22 million 945 ming so‘mni Q.Amonovdan undirib berish haqidagi qarshi da’vo talabini rad qilish haqidagi hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Sudning hal qiluv qarorida majburiy buzilishi belgilangan ayvon o‘rganishimiz chog‘ida hali ham buzilmaganligining guvohi bo‘ldik. Bunga fuqaro F.Ahmedovning sud qaroriga nisbatan kassatsiya shikoyati sabab bo‘ladi.
Mazkur ish 2016 yil 14 oktyabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudida ko‘riladi. Ushbu viloyat sudining kassatsiya sudlov hay’ati fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirish haqida ajrim chiqaradi. Ammo sudning qaror va ajrimidan noroziliklar davom etaveradi. Loyihadan tashqari qurilgan ayvon buzilmasdan qolaveradi. Shu sabab bu ish 2017 yil 19 iyulda, 2018 yil 5 mart kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida (dastlab ish shu sudda ko‘rilgandi) ikki marta ko‘rib chiqiladi. Ikki safar ham Q.Amonovning loyihadan tashqari o‘zboshimchalik bilan qurib olingan 10 metr x 1,20 metr hajmdagi ayvonni buzish haqidagi da’vosini qanoatlantirish, fuqarolar E.Abdullayev va F.Ahmedovlarning 22 million 945 ming so‘mni Q.Amonovdan undirib berish haqidagi qarshi da’vo talabini rad qilish haqidagi hal qiluv qarorlari qabul qilinadi.
Biroq ayvon buzilgani yo‘q. Fuqaro Qodir Amonovning tahririyatimizga ma’lum qilishcha, u yana fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudiga ushbu ish yuzasidan chaqiruv qog‘ozi olibdi. "Sudma-sud yurishdan juda ham charchadim, adolat bormi, yo‘qmi?! Jarayon bunday ketaversa, men mamlakatimizdagi barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarni aylanib chiqamanmi? Oxiri bormi bu ovoragarchiliklarning?", deydi Qodir bobo biz bilan suhbatda.
Darhaqiqat, nafaqa yoshidagi Qodir Amonovning kuyinib gapirishida jon bor. Yuqorida biz holatni bayon etdik, necha yillardan buyon nizo davom etmoqda. Q.Amonovning foydasiga sudlarning necha bor hal qiluv qarorlari va ajrimlari chiqqan. Masala mohiyati ayon. Endi Qodir Amonov olgan nafaqasini sudma-sud yurishga sarflasinmi yoki tirikchiligiyu kundalik ehtiyojigami?
Tahririyatimizga murojaat qilganda hujjatlarining nusxasini-da ko‘paytirishga moddiy tomonidan qiynalayotgan otaxonni ham ma’naviy, ham moddiy tomondan qiynashdan nima naf? Prezidentimiz "Sud - adolat qo‘rg‘oni bo‘lishi lozim", deya ta’kidlab turganda Qodir bobo nega adolat topolmayapti?
Bu masalaga mutasaddilar e’tibor qaratishidan umid qilamiz.
G‘olib ABDUSALOMOV,
"Zarafshon"ning
maxsus muxbiri.