Sud qaroridan norozi bo‘lsangiz...
Jumladan, iqtisodiy sudlarning sud hujjatlarini qayta ko‘rish bo‘yicha ish yuritish haqidagi 4-bo‘limida taraflarning apellyasiya, kassatsiya va nazorat instansiyalariga murojaat etish, ushbu instansiyalarda ishlarni ko‘rish tartibi belgilab qo‘yilgan.
Qonunchilikka binoan sud ishlarining apellyasiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi, birinchi instansiyasi sudlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi. Birinchi instansiya sudida bir nafar sudya tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarorining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi yuqori instansiya sudida hay’at a’zolari ishtirokida (kamida uch nafar sudya) ko‘rib chiqiladi. Qonuniy kuchga kirgan sud qaroridan norozi bo‘lgan shaxslar ishning qonuniyligini tekshirishni so‘rab apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 259-moddasiga asosan, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati, prokuror esa apellyasiya protesti, shuningdek, 282-moddasiga ko‘ra esa, birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan, apellyasiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati, prokuror esa kassatsiya protesti berishga haqli.
Apellyasiya shikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi sudi nomiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi (261-modda). Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni apellyasiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart. Kassatsiya shikoyati (protesti) ham kassatsiya instansiyasi sudi nomiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi va shikoyat hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni kassatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha muddat belgilanmagan bo‘lsa, apellyasiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi tomonidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida, huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha hal qiluv qarori ustidan esa o‘n kun ichida beriladi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) esa (285-modda) sudning hal qiluv qarori kuchga kirgandan keyin bir oy ichida berilishi mumkin. Kassatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati, shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirilmasdan berilgan va kassatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, qayta tiklanadi.
I.HAMROQULOV, Samarqand shahar iqtisodiy sudi sudyasi, B.YO‘LDOShEVA, sudya yordamchisi.