Sud qilingan… cho‘chqa

XII asrdan XIX asrgacha saqlanib qolgan sud ayblov bayonnomalarida jinoyat uchun jazoga hukm qilingan hayvonlar ham ko‘p. Yevropa shaharlarida sud jarayonlarida tez-tez cho‘chqalar, kalamushlar, ho‘kiz va hatto qo‘ng‘izlar ishi ko‘rib chiqilgan.

…1386 yil Fransiyaning Normandiya oblasti Falez shahrida ko‘chada daydib yurgan allaqanday cho‘chqa mahalliy aholidan birining uyiga kirib qoladi. Uyda xonadon katta egalari yo‘q edi. Xonada qandaydir sabablarga ko‘ra yolg‘iz qoldirilgan go‘dak uxlab yotardi. Chaqirilmagan "mehmon" murg‘ak bolani o‘zi uchun qoldirilgan luqma deb o‘ylaydi, shekilli, unga tashlanadi. 

Cho‘chqa - «qo‘lga olingan» bu ochofot maxluq go‘dakning boshi va o‘ng qo‘lini g‘ajib bo‘lgandi. Albatta, bunday dahshatli jinoyat sodir etgan odamxo‘r sud qilindi va shafqatsiz jazoga tortildi. Hukm ijro etilishidan avval mahalliy hokimiyat tevarak atrofdagi barcha cho‘chqaboqarlarga o‘z otarlarini shahar maydoniga haydab kelishi buyurildi. Toki, jinoyatchi cho‘chqaning jazolanishi boshqa cho‘chqalarga saboq bo‘lsin…

O‘z qavmlarining taqdiri boshqalariga saboq bo‘ldimi-yo‘qmi, aytish qiyin, biroq Falez aholisi qatlni uzoq eslab qoldilar. Sud hukmiga binoan jinoyatchi cho‘chqaning avvalo tumshug‘i, so‘ngra oldingi ong oyog‘i chopib tashlandi. Keyin "mahbus"ga odam niqobi, ishton – ko‘ylagi, qo‘lqop kiygizib bozor maydonida olomon ko‘z o‘ngida dorga osildi.

Mahalliy hukmdor cho‘chqaning bu qatlini odil sud tantanasi sifatida baholab, uni shu yerdagi cherkov devorida aks ettirishni buyurdi. Tasvir bir necha yuz yil davomida ibodatxonani" bezab" turdi. XIX asrga kelib bu tarixiy voqea ham, cherkov ham o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.

T.Shomurodov tayyorladi.