Sud raislari qabulida 19 masalaga yechim topildi

Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorovning navbatdagi sayyor qabuli Payariq tumanida o‘tkazildi.

Viloyat sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, tuman Xalq qabulxonasida sud raislari ishtirokida fuqarolar bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabullar tashkil qilindi. Fuqarolar muammolariga yechim topish uchun huquqiy tushuntirish berilib, amaliy yordam ko‘rsatgan holda hal etilishi ta’minlandi.

Jumladan, 36 murojaatning 19 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. 17 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish berildi.

Tumanning Guliston mahallasida yashovchi, sodir qilgan qilmishi uchun Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muayyan huquqdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan Sh.Ro‘zimurodov viloyat sudi raisiga jinoiy qilmishi va uning huquqiy oqibatlaridan o‘ziga tegishli xulosa chiqarganligini bildirib, jazoning qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.

Viloyat sudi raisi murojaatchi bilan suhbatlashib, murojaatning mazmun-mohiyati va sabablarini o‘rgandi. So‘ngra shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudining sayyor sud majlisi o‘tkazilib, Sh.Ro‘zimurodov jazodan ozod qilindi.