Sud-tergov faoliyatiga qanday o‘zgartishlar kiritish belgilandi? Nima uchun?
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda joylardagi tergov va surishtiruv organlarining tergov jarayonida gumonlanuvchini qiynoqqa solish, tazyiq o‘tkazishlar oqibatida inson huquq va erkinlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlar keng jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan voqealar ko‘p yoritilmoqda.
Shu bois, joriy yil 10 avgust kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon o‘z vaqtida qabul qilingan hujjat bo‘ldi.
Negaki, mazkur hujjatda asosan shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilandi. Bu o‘z navbatida amaliyotda adolatga jismoniy kuch ishlatish bilan erishib bo‘lmasligi yana bir isbotlaydi.
Aslida sud-tergov organlarining vazifasi haqiqatni yuzaga chiqarishdan iborat. Davlatimiz rahbarining farmonida, soha faoliyatini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.
Xususan, shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni to‘plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llaniladigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish belgilandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini hamda shaxs, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Farmonga asosan shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek, bunday qilmishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Shuningdek, jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish belgilandi.
Eng muhimi, jinoyatchilikning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularda qonunga itoatgo‘ylik ruhini shakllantirish mexanizmini joriy qilish vazifasi belgilangani bo‘ldi.
Mazkur vazifadan kelib chiqib, shuningdek, ayrim jinoyatlar toifalari bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan taqdirda surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi yuzasidan ham qoidalar kiritilgan.
Bu esa sudlar tomonidan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan muddatigacha jazo tayinlashga asos bo‘ladi.
O‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligi qat’iy belgilandi.
Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida ushlangan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish taqiqlanmoqda.
Farmon ijrosi qonunchilikda jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv-tergov ishlarini olib borishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bog‘liq bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini ro‘yobga chiqarish borasida sud-huquq islohotlari davom etishi albatta jamiyatda adolatni qaror topishiga asos bo‘ladi.
Baxodir QARShIYeV,
viloyat hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.