Sud tizimidagi kulgili da’volar

Da’volar turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin, biroq ba’zida odamlar kishini ajablantiradigan va hayratga soladigan bema’ni narsalar uchun sudga murojaat qilishlari mumkin. Ushbu maqolada dunyoning turli burchaklaridagi odamlarning sudga da’vo qilishining eng noodatiy va g‘alati sabablarini ko‘rib chiqamiz.

Applega qaramlik

2013 yil 19 iyun kuni Amerikaning Neshvill shahrida yashovchi 36 yoshli advokat Kris Seviyer Applega qarshi 75 ming dollarlik da’vo arizasi bilan chiqdi. Unda Sever kompaniya mahsulotlaridan foydalanib, xususan, kattalar uchun kontentga oson kirishi tufayli rafiqasi bilan munosabatlari yomonlashganini aytdi.

U ob-havo ma’lumotlarini ko‘rmoqchi edi, lekin tasodifan “noto‘g‘ri” joyga tushib qoldi va endi u telefondagi chiroyli qizlarsiz yashay olmaydi, bu uning nikohiga nuqta qo‘ydi. Severning so‘zlariga ko‘ra, Apple kattalar kontenti uchun filtr yaratishi va iste’molchilar u kabi holatlarga duch kelmasligi uchun uni faollashtirishi kerak.

Yo‘qolgan shim

2005 yil 3 may kuni 54 yoshli sudya Roy Pirson Vashingtondagi “Kastom Kliners” kimyoviy tozalash kompaniyasi shoxobchalarining biriga shimlarini topshirdi. Shimlar tasodifan boshqa kimyoviy tozalash shoxobchasiga yuborilganligi sababli, ular ikki kundan keyin sudyaga qaytarildi.

Biroq Pirson kiyimlar uniki emasligini aytdi. Kvitansiya va yorliqlar bir-biriga mos, shimlar esa unikiga o‘xshardi, lekin bularning hech biri Pirsonni ishontirmadi va u kompaniyani sudga berib, 65 million dollar talab qildi. Pirson sevimli kiyimini yo‘qotib qo‘ygani uni ruhiy iztirobga solayotganini aytib, yig‘lagan dramatik sahnadan keyin ish ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. “Kastom Kliners” ishni yutib chiqdi, ammo Pirson hali ham shimlar uniki emasligini ta’kidlab kelmoqda.

O‘zini o‘zi sudga berdi

Odamlar ko‘pincha yirik korporatsiyalar, taniqli shaxslar yoki hatto o‘zlarining oila a’zolariga nisbatan kulgili da’volar qilishadi. Lekin odam o‘zini o‘zi sudga berishi uchun nima bo‘lishi kerak.

1995 yilning mart oyida Virjiniya shtatining Chesapik shahridagi Indian Krik axloq tuzatish markazi mahbusi Robert Li Brok aynan shunday qildi. U o‘ziga qarshi 5 million dollar talab qilib sudga da’vo kiritdi.

Brokning so‘zlariga ko‘ra, 1993 yilda u mast holatda fuqarolik huquqlarini buzib, yirik o‘g‘irlik uchun hibsga olingan. Keyingi 23 yil davomida qamoqxonada yashagan Brok o‘z da’vosini to‘lash uchun yetarli pul topa olmadi, shuning uchun u bu pullar davlat tomonidan to‘lab berilishi kerakligi to‘g‘risidagi qarorga keldi. Ish yopildi, biroq sudya Brok rejasi ijodiy jihatdan juda yaxshi o‘ylab topilganligini aytdi.

Boshqa Jordan

Ko‘pchilik, agar u mashhur odamga o‘xshasa, omadli bo‘lishiga ishonadi. Ba’zilar hatto taniqli odamlarni taqlid qilib, munosib martabaga erishib ham keladi. Faqat 51 yoshli Allen Xekkerdgina o‘z oldiga bunday maqsadni qo‘ymagan. Odamlar uni doimiy ravishda afsonaviy basketbolchi va Nike kompaniyasining yuzi Maykl Jordanga o‘xshatishadi.

Xekkerd Jordan va kompaniyani sudga berib, ruhiy iztirob va ruhiy jarohatlar sabab har bir ayblanuvchidan 416 million dollardan talab qildi. Da’vogarning so‘zlariga ko‘ra, Maykl Jordan uning shaxsini o‘g‘irlagan, poyabzal kompaniyasi esa NBA yulduzini reklama kampaniyasining yuziga aylantirgani uchun javob berishi kerak.

Nimadir bo‘ldi-yu, tez orada Xekkerd da’vosidan voz kechdi...

B.Muhammadiyeva tayyorladi.