Sud va tergovda shaxsning xuquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari yanada kuchaytirildi
Mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga qat’i rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida sud hokimiyatining mustaqil va alohida tarmog‘i sifatida tashkil etish, uni o‘tmishdagi jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza qiluvchi hamda ishonchli himoya qiluvchi davlatning chinakam mustaqil institutiga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish, nomzodlarni tanlash va sudyalik tayinlash tizimini yanada takomillashtirish sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhm yo‘nalishlari sifatida mustahkamlandi.
O‘tgan davr mobaynida sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, sudyalarni tanlash va joy joyiga qo‘yish tartibini takomillashtirish, har bir ish bo‘yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora tadbirlar amalga oshirildi.
Shu o‘rinda, 2020 yil 24 iyuldagi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek, joriy yilning 10 avgust kuni “sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, shaxsning huquq va erkinliklarini yanada takomillashtirish maqsadida:
agar sud tergovi vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qo‘yilmagan jinoyatni sodir etganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish bo‘yicha barcha taraflarga berish;
agar sud tergovi vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, ushbu shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslarni aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish bo‘yicha barcha taraflarga berish;
shaxsga e’lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida kurilayotganligidan qat’i nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga o‘zgartirilgan hollarda yarashuv institutini qo‘llash tartibini joriy qilish;
sudlanuvchining jinoyat sodir etilishiga daxli bo‘lmaganligi asosi bilan oqlov hukmi chiqarilgan hollarda jinoyatni haqiqatda sodir etgan shaxsni aniqlash va ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun jinoyat ishini prokurorga yuborish tartibini o‘rnatish nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish nazarda tutilgan.
Bugungi kunda yurtimizda demokratlashtirish hamda tubdan yangilanish jarayonlari ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan. Mamlakatimizda tom ma’noda fuqarolik jamiyati barpo etishning qonunchilik bazasi izchillik bilan mustahkamlanmoqda. Bu ezgu ishlarning barchasi xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotganligi tahsinga sazovordir.
Zarifa Axmedova,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Samarqand shahar sudining sudyasi.