Sudlar faoliyati takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasida sud-huquq sohasini isloh qilish masalasiga e’tibor qaratildi.

Adolat - bu davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Davlatimiz rahbari bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga ham to‘xtaldi.

Yangi yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtirilib, “Bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etiladi. Viloyat sudlari ustidan berilgan shikoyatlar shu sud tomonidan ko‘rib chiqilishi amaliyoti bekor qilinadi.

Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish sifatini oshirish zarur. Chunki o‘tgan yilda Oliy sud tomonidan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 13 ming qaror o‘zgartirilgan.

2021 yildan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilib, odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish bekor qilinadi. Fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy sudlar emas, yagona sud amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi.

Sudlar mustaqilligi ta’minlanishi natijasida joriy yilning o‘zida sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Jazo muddatini o‘tayotgan va tuzalish yo‘liga qat’iy kirgan 616 nafar fuqaro afv etilgan. Sudlar mustaqilligi ta’minlanishi natijasida o‘tgan 2020 yilda 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan.

Shuningdek, yangi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sharoit yaratish maqsadida investitsiyaga oid ishlar Oliy sudda ko‘rib chiqiladi. Ya’ni, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Onlayn sudlar joriy etiladi. Bu fuqarolarga har tomonlama qulaylik yaratadi.

O‘zbekiston fuqarolari qayerda bo‘lmasin, ularning konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilinmoqda. “Mehr-3” operatsiyasi amalga oshirilib, Suriyadan yana 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani buning yaqqol tasdig‘idir.

Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda.

Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Yaqinda AQSh davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizning e’tirofidir.

Sohadagi barcha islohotlarning asosiy maqsadi – jamiyatda adolat, qonun, odil sudlovni ta’minlash, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdir.

Bugungi kunda bu borada sudyalar va sud xodimlari oldiga katta va o‘ta mas’uliyatli vazifalar qo‘yilgan.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim.

Jahongir G‘AYBULLAYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi.
Shohrux MIRZAAHMEDOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.