Sudlar tomonidan chiqarilayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozim
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi qarori 4-bandida ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkin. Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Sudlanganning jinoyat sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi, 5-bandida sudlarning e’tibori, JPK 22-moddasiga binoan ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘plangan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkinligiga qaratilishi belgilangan.
Sudning qarorlari JPKning 26, 90 va 455-moddalari talabiga binoan faqat sud majlisida tekshirilgan va sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozimligini e’tiborga olishlari kerak. Sud ajrimda, surishtiruv, dastlabki tergov yoki boshqa sud majlisidagi ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatuvlariga, ekspertlarning xulosalariga va tergov harakatlarining bayonnomalariga, JPKning 443-moddasiga muvofiq, ushbu dalillarga faqatgina sud majlisida o‘qib eshittirilgan va tekshirilgandagina havola qilinishi mumkinligi to‘g‘risida rahbarlik ko‘rsatmasi berilgan.
Prezidentimiz joriy yilning 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligini ta’kidladi.
Davlat rahbari aytganidek, ayrim sudyalar tergov materiallariga bog‘lanib qolgani rost. Bu esa qonun, sud va davlat obro‘siga putur yetkazadi.
Z.AHMEDOVA,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.