Sumkacha
Taksichi Ergash ishdan qaytgach, “Neksiya”ning eshiklarini qulflar ekan, ko‘zi orqa o‘rindiqdagi sumkachaga tushdi: “Hozirgina yo‘lda tushgan ayol unutgan bo‘lsa kerak, hoynahoy. Zarur hujjatlari, kerakli buyumlari bo‘lsa, qidirib yurmasin boyaqish ayol!”.
Shu xayolda Ergash sumkachani olib ochib qaradi. Pasport, allaqanday qog‘oz hujjatlar, plastik kartochka bor ekan. Manzilini aniqlab, yo‘lovchi ayolni yo‘qlab bordi. Darvozani oltmishni qoralab qolgan ayol ochdi.
- Keling, uka, xizmat? – u Ergashga sinovchan tikildi.
- Assalomu alaykum, opa, Shohida Mamatovaning uyi shumi?
- Ha, shu, nimaydi?
- Mashinada sumkachasini unutib qoldiribdi, o‘shani qidirib ovora bo‘lmasin deb olib keluvdim...
- Men qaynonasi bo‘laman Shohidani. Hali ishdan kelgani yo‘q. Menga qoldira qoling, kelsa berib qo‘yaman. Ismingiz nima?
Ergash ism-sharifi, mashinasi raqamini yozib, sumkacha bilan ayolga uzatdi. Qilgan ishidan yengil tortib uyga qaytdi.
Kechqurun televizor ko‘rib o‘tirgandi, tashqarida mashina signali eshitildi. “Hamkasblarimdan bo‘lsa kerak”. U chaqqon borib darvozani ochdi. Qarshisida o‘sha yo‘lovchi - Shohida turardi. “Minnatdorlik bildirgani kelibdi-da”, o‘yladi Ergash.
– Keling, qani, ichkariga marhamat!
- Rahmat, - Shohidaning qoshlari chimirilib, vajohati o‘zgardi. – Men senikida mehmon bo‘lishga zormasman. Qani pulimni cho‘z!
- Qa, qa...naqa pul, singlim, hazillashyapsizmi? – Ergash dovdirab qoldi. - Sansiramasangiz bo‘lardi, har qalay yoshim sizdan katta bo‘lsa kerak!
- Sumkachada bir million so‘m pulim bor edi, - Shohidaning tahdidi kuchaydi.
- Men ko‘rmadim, - dedi Ergash bo‘shashib. – Tuhmat qilmang! Plastik kartochkangiz bor ekan, pulni ko‘rmadim.
- Tuhmat? Demak, sen pulni olmagansan. Men tuhmat qilyapman, shundaymi? Yaxshi! Unda boshqa joyda ko‘rishamiz. – U zarda bilan keskin burilib, kelgan mashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi.
Ergash oyoq-qo‘li bo‘shashib ortidan qarab qoldi. Qimirlashga madori qolmagan edi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.