Sun’iy intellekt yoshlarga begonamas, kattalarga-chi?

Bugun zamon juda tez o‘zgarmoqda, tezligi shu qadarki, bizning tasavvurimizdagidan ancha ildam. Misol uchun, o‘sha shiddatga yangi kuch qo‘shayotgan sun’iy intellekt juda ko‘p narsalarni egallab olishi aytilmoqda.

Oddiy misol, aytishlaricha, Gongkongda ehtiros operatorlari paydo bo‘la boshlabdi. Ular odamlarni har qanday ehtirosiga mos ravishda telefonda ularga tasalli berish bilan shug‘ullanar ekan.

Tarixiy reallikdan bugungacha

Aslida “sun’iy intellekt” atamasini ilk bor 1956 yilda amerikalik olim Jon Makkarti qo‘llagan. Oradan 30 yilga yaqin vaqt o‘tibgina bu kashfiyot sifatida e’tirof etila boshladi. 1997 yili shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparovni mag‘lub qilgan shaxmat dasturi – "Deep Blue" yaratilgandan keyin bu soha bilan jiddiy shug‘ullanilganidan xabaringiz bor.

Bugunchi?

Kimdir sun’iy intellekt keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan muammolarga e’tiborni qaratishga urinayotgan paytda, boshqalar uning ijtimoiy qulayliklarini amalda isbotlashga urinmoqda.

Uzoqqa bormang, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ham sun’iy intellekt yordamida bir nechta huquqiy multfilm yaratildi.

“Midjourney Artificial Intelligence” platformasi berilgan ta’rifga ko‘ra, personaj qiyofasini chizib berayotganidan ko‘pchilik xabardor. Bu tizimdan milliy adabiy asarlarimiz qahramonlarining ta’rifi asosida foydalanib ko‘rildi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarida keltirilgan izohga ko‘ra, dastlab Kumush so‘ng Otabek va Zaynab qiyofasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

ShatGPT bemor bolakayni qutqardi

Uch yildan beri 17 nafar vrach uch yoshli bolakayga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olmagan. Bolakayning onasi ko‘rsatmagan shifokori qolmagan, lekin baribir kasallikning sababini aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Oxir-oqibat bolaning onasi ShatGPT orqali savol yo‘llab ko‘rishga qaror qilgan. Sun’iy intellekt juda kam uchraydigan tashxisni qo‘ygan - umurtqa pog‘onasining yallig‘lanishi va orqa miya rivojlanish porogi. Tashxis to‘g‘ri chiqqan, bolakay jarrohlik operatsiyasidan keyin tuzalib ketgan.

Rost, ayrim davlatlarda robot-hamshiralar, haydovchisiz transport vositalari, buyurtmani yetkazib beruvchi dronlar xizmatidan foydalanish ommalashmoqda. Ularning tashqi ko‘rinishini imkon qadar odamlarnikiga o‘xshatishga urinilyapti.

Bunday vaziyatda ishsizlikning keskin ortib ketishi tabiiy. Ehtimol, xavotirga tushish noo‘rindir: inson hayotiga xavf tug‘diruvchi hamda kreativlikka asoslanmagan ish o‘rinlarining kamaygani u qadar katta muammo emasdir. Balki bir maromdagi bunday ishlarni robotlar bajargani, inson esa faqat tabiiy tafakkurga tayanuvchi vazifalar bilan shug‘ullanib, hayotini mazmunliroq yashagani yaxshi emasmikan?!

O‘zimizning «DavrOn»

Boshqa davlatlarda real ishlarda sun’iy idrokdan foydalanilayotganiga misollar keltirdik. Bizdachi, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Misol uchun, soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga «DavrOn»  virtual yordamchisining maslahatlaridan foydalanishni taklif qilgan.

To‘g‘ri, hali bu sun’iy intellektdan juda ko‘p narsa kutish kerak emas. Chunki to‘g‘ri qisqa javoblar bersa ham, u soliq idorasiga rasmiy so‘rovlar va to‘laqonli soliq konsaltingining o‘rnini bosa olmaydi.

Lekin virtual yordamchi soliq to‘lovchilarga 24/7 rejimida ma’lumot beradi. Vazifasi - soliq to‘lovchilarga soliqlar va soliqqa tortish masalalari bo‘yicha savollarga javoblar va shaxsiy tavsiyalar berish. Soliqchilar zo‘r ish qilishgan.

Xabarlarga ko‘ra, «yordamchi»ni o‘qitish 3 oy davom etgan. Va bu to‘xtovsiz davom etmoqda. Demak, uning javoblari vaqt o‘tishi bilan sifatliroq bo‘ladi...

Bundan tashqari, yoshlar ittifoqi tomonidan grafik dizayner, videomontaj, animatsiya, marketing ustasi singari 40 ta kasbga o‘qitish uchun platforma ishlab chiqilgan. Ustozai.uz vebsayti orqali foydalanish mumkin ekan.

E’tiborli jihati, unda nafaqat yosh yigit-qizlar, balki har qanday fuqaro zamonaviy kasblarni o‘rganishi mumkin. Kurs yakunida dasturning o‘zi imtihon oladi va egallangan kasb bo‘yicha sertifikat beradi. Bu jarayonlarning barchasi bepul.

Qarang…

Xabarlarga ko‘ra, 1988 yilda matematika va boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari kalkulyatorga qarshi norozilik bildirib namoyishga chiqqan ekan.

2024 yilda o‘qituvchilar endi ShatGPTga qarshi namoyish o‘tkazsa kerak.

Yo‘q, bu kinoya emas. Ammo yuqorida aytilgan va boshqa sun’iy intellektdan ko‘proq kimlar foydalanadi, deb o‘ylaysiz. Albatta, rasmiy statistika yo‘q, lekin bizningcha, ular asosan yoshlarga dastyorlik qilmoqda.

9 yoshli vatandoshimiz sun’iy intellekt bot yaratdi. Mayli, buni shunchaki ma’lumot o‘rnida qabul qiling...

Hamkasblarimdan bir nechtasi boshqa (asosan rus) tilidan tarjima bilan shug‘ullanishadi. Oddiy xabar yoki lavha uchun bir necha soat ketadigan bu jarayonni sun’iy idrok yordamida amalga oshirsa bo‘lmaydimi, deyishga shoshilmang. Aslida aytmoqchi bo‘lganimiz ham shu.

O‘ylab ko‘ring, balki bularning barchasini ham sun’iy intellekt yozgandir!..

Yoqubjon Marqayev.