Superligani maqsad qilgan «Yunired». Slovakiyalik investor Samarqandda qanday jamoa yaratmoqchi?
Tadbirkor Laziz Rahmatov va uning turmush o‘rtog‘i, slovakiyalik Lyusiya Shchipova Samarqandda xususiy futbol klubiga asos soldi. Ikki yil avval tashkil topgan jamoa yaqinda O‘zbekiston kubogi uchun kechgan bahslarda yaxshi o‘yini bilan muxlislar olqishini oldi.
«Yunired» 2021 yilda Samarqand chempioni bo‘ldi. Biroq Surxondaryo mezbonlik qilgan «pulka» o‘yinlarida omad biroz yetishmadi. Klub kuchli "uchtalik"ka kira olmadi.
PFL matbuot xizmati «Yunired»ni muxlislarga yaqinroq tanishtirish maqsadida jamoa prezidenti L.Shchipova bilan kichik suhbat qildi.
- Ko‘p yillar Birlashgan Qirollikda ishlaganman. Turmush o‘rtog‘im bilan ham o‘sha yerda tanishganmiz. Oila qurganimizga 14 yil bo‘ldi. Sabina va Amir ismli ikki farzandimiz bor, - deydi Lyusiya. - Men O‘zbekistonni yorqin kelajakka ega davlat deb bilaman. Farzandlarim shu yurtda katta bo‘lishini istayman. O‘zim haqimda to‘xtalsam, jismoniy tarbiya bo‘yicha malakali o‘qituvchi maqomiga hamda magistr darajasiga egaman. Biz 2017 yilda O‘zbekistonga ko‘chib keldik va bir yil o‘tib, xususiy maktablar ochishni boshladik.
- Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi va Birinchi liga haqida fikrlaringiz qanday?
- O‘zbekiston kubogining saralashi juda yaxshi tashkil etildi. Musobaqa jamoamiz uchun katta motivatsiya berdi. Biz Birinchi liga jamoalariga qarshi o‘ynab, ulardan nimani kutish mumkinligini ko‘rib oldik.
«Yunired» saralashning ilk o‘yinida ajoyib kambek namoyish etdi. Uychining «Paxtakor-79» klubi ilk bo‘limda 2 ta gol farqi bilan oldinga o‘tib olgandi. Ikkinchi bo‘limda biz ularga 4 ta gol bilan javob qaytardik - 4:2. Keyingi uchrashuvda «Shahrixonchi» taslim etildi - 3:2. Biroq hal qiluvchi o‘yinda «Yunired» Andijonning boshqa bir jamoasi «Andijon II»ga imkoniyatni boy berdi - 0:1.
Biz duch kelgan eng katta qiyinchilik - yanvarda 8 nafar futbolchimiz jamoani tark etgani bo‘ldi. Ulardan 6 nafari «Dinamo» jamoasiga yo‘l oldi. Bizda ularning o‘rnini to‘ldirish uchun vaqt juda oz edi. Boshqa tomondan bosh murabbiy Alisher Latipov va yordamchisi Sulaymon Abdullayevning qisqa vaqtda qilgan ishlaridan mamnunman: ular yosh futbolchilarni tezkor galdagi o‘yinlarga tayyorlay oldi. Men juda optimistman, mavsum so‘ngida jamoam Pro-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi, deb umid qilaman.
Yaqin 4 yil ichida O‘zbekiston futboli va ta’limiga bir necha million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirganmiz. Shu asosda Samarqandda Yevropa standarti bo‘yicha stadion qurish va futbol akademiyamizni kengaytirishni davom ettirish niyatimiz bor. Va albatta, «Yunired»ni Superligada ko‘rish bosh maqsadimiz.