Suriya diktatori Bashar Asad Moskvaga samolyotda pul yuborgani rostmi?

OAV xabariga ko‘ra, Asad oilasining xorijiy aktivlari xalqaro miqyosda haqiqiy ov ob’yektiga aylanadi.

WSJ yozishicha, Suriya sobiq prezidentining mulklari orasida Rossiyadagi ko‘chmas mulk, Venadagi mehmonxonalar va Dubaydagi shaxsiy samolyot kabi buyumlar bor.

Asad oilasining boyligining aniq hajmi noma’lum, ammo AQSh Davlat departamenti bu boylik 1 dan 12 milliard dollargacha bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Pulning katta qismi davlat monopoliyalari orqali o‘z xalqini talon-taroj qilish, shuningdek, giyohvand moddalar savdosi orqali ishlab chiqarilgan.

Bashar Asad otasi Hofiz Asad bilan birga o‘z qarindoshlaridan kapitalni chet elda yashirish uchun foydalangan, shuning uchun bu aktivlarni topish va muzlatish oson ish bo‘lmaydi.

Moskvaga pulni samolyotda yuborgan

Bashar Asadning markaziy banki ikki yil davomida havo orqali Moskvaga 250 million dollarga yaqin naqd pul jo‘natgan. Suriya diktatori harbiy yordami uchun Kremldan qarzdor edi, uning qarindoshlari esa Rossiyadagi aktivlarini yashirincha sotib olgan. Bu haqda Financial Times yozmoqda.

Asad rejimi 2018-2019 yillarda salkam ikki tonna og‘irlikdagi 100 dollarlik va 500 yevrolik banknotlarni sanksiya ostidagi Rossiya banklariga saqlash uchun Moskvaning Vnukovo aeroportiga olib o‘tgan. Rossiya yillar davomida Asadning moliyaviy panohiga aylangan.

Suriya davlat xazinasi urush natijasida vayron bo‘lganiga qaramay, Asad va uning yaqinlari o‘tgan 6 yil ichida mamlakat vayron bo‘lgan iqtisodiyotining eng muhim qismlarini shaxsiy nazoratiga olgan.

2019 yilda FT Asadning katta oilasi 2013 yildan beri kompaniyalar va kredit shartnomalarining murakkab tizimidan foydalangan holda Moskvada kamida 20 ta hashamatli kvartira sotib olganini xabar qilgan.