Turkiya va Suriyada qutqaruvchilar hayot uchun kurashmoqda, talonchilar esa fursatdan foydalanmoqda
Suriya va Turkiyada qutqaruvchilar garchi har daqiqada ehtimoli kamayib borayotgan bo‘lsa-da, vayronalar ostidan omon qolganlarni olib chiqish umidini yo‘qotmayapti.
Ish sovuq, qor va yomg‘ir, shuningdek, kuch yetishmasligi va halokat hajmi kattaligi sabab murakkablashmoqda. Vayronagarchilik ko‘lami misli ko‘rilmagan zilzila - hudud tarixidagi eng kuchlisi deb tan olindi.
Suriyada fojia turli kuchlar nazorati ostidagi bo‘lgan hududlarga zarar yetkazgan va bu qutqaruvchilar harakatlarini muvofiqlashtirishni qiyinlashtirmoqda.
Davlat xizmatlari va chet el yordamlari to‘liq hajmda yo‘naltirilmagan bo‘lsa-da, qutqaruvchilarga imkoniyati cheklangan mahalliy aholi yordam bermoqda.
Asosiy usul - "sukunat daqiqasi"ni tashkil qilish va vayronalar ostidan kelayotgan tovushlarni diqqat bilan tinglash: bu tirik qolganlar ovozi bo‘lishi mumkin. Seshanba kuni ertalabki holatga ko‘ra, har ikki mamlakatda vayronalar ostidan 7000 dan ortiq odam qutqarib olingan.
Mutaxassislar keyingi zilziladan xavotirda - aftershoklar, yangi yer osti zarbalari xavfi yana bir necha hafta saqlanib qoladi.
Shu bilan birga Turkiya xalqi va turli mamlakatlardan kelganlar omon qolganlarni qutqarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotgan bir paytda shaharlarda talonchilar paydo bo‘lgani odamni hayratga soladi. Ular do‘kon va bo‘sh uylardan oziq-ovqat, maishiy texnika va hatto mebellarni olib chiqishmoqda ekan. OAVda talon-toroj qilish uchun ayrimlar butun oilasi bilan chiqishayotgani ma’lum qilinadi.
Lekin ko‘pchilik insonparvarlik yordami hali yetib kelmagani uchun bunday qilishga majburligi ham aytilmoqda.
Uyga qaytishdan qo‘rqqan yoki uyidan ayrilganlarni esa ko‘chada, qorda, sovuq oqshom kutmoqda. Jabrlangan hududlarda ob-havo hali yaxshilanmayapti.