Surunkali xastaliklarning 60 foizi noto‘g‘ri turmush tarzidan kelib chiqadi

Kasalliklar profilaktikasi hamda asoratlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lishiga qaramasdan, hozirgi zamon tibbiyoti aholi salomatligiga yuqumli kasalliklardan ko‘ra yuqumsiz kasalliklar ko‘proq xavf tug‘dirayotganligi to‘g‘risida bong urmoqda.

Sababi, yuqumli kasalliklar turli omillar ta’sirida kelib chiqsa, yuqumsiz kasalliklar rivojlanishiga aksariyat hollarda aholining o‘zi sababchi bo‘lyapti.

Tabiiy mahsulotlardan ko‘ra, ishtahani ochuvchi, sintetik vitaminlar bilan boyitilgan, buzilishini sekinlashtiruvchi, saqlanishini uzaytiradigan sun’iy qo‘shimchalar qo‘shilgan mahsulotlar, ayniqsa, shirinliklarga ruju qo‘yganlar ko‘paydi. Tuz va yog‘ni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish, kam harakatlilik hamda boshqa omillarning salbiy ta’siri sababli ortiqcha vaznlilik ortib boryapti. Oqibatda allergik, yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabet, organizmning kasallikka qarshi kurashish qobiliyati zaiflashishi hisobiga o‘sma kasalliklari soni yildan-yilga ko‘paymoqda.

Xalqimiz xamirli taomlarni sevib iste’mol qiladi. Lekin biz ishlatadigan un mahsulotlarining aksariyati oliy navli. Ular yengil hazm bo‘lishi bilan birga organizm uchun muhim hisoblangan vitamin, minerallar va boshqa foydali biologik moddalardan deyarli xoli. Bunday mahsulotlarni doimiy iste’mol qilish semirishga, organizmning vitamin va minerallar yetishmovchiligi hisobiga zaiflashishiga, oqibatda turli kasalliklarning rivojlanishiga moyillikni oshiradi.

Shuni ta’kidlash joizki, yuqori darajada texnik ishlov berilgan oziq-ovqat mahsulotlari (oliy navli un, oq guruch va boshqalar), shuningdek, tijorat maqsadida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, konservalangan ozuqa mahsulotlarida asosiy mikronutriyentlar miqdori oddiy tayyorlangan va yetishtirilgan mahsulotlar tarkibiga nisbatan sezilarli darajada kam. Masalan, V1 vitamini bug‘doy nonining 100 gramida 0,23 milligramm bo‘lsa, bug‘doy kepagida 0,75 milligrammni; ftor bug‘doy unining 100 gramida 95 millikilogramm bo‘lsa, nonda 48 millikilogramni tashkil qiladi. Po‘sti va kepagidan obdon tozalangan mahsulotlarni iste’mol qilish ayrim mikronutriyentlar taqchilligini keltirib chiqaradi. Shuning uchun, pastroq navli undan tayyorlangan mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 10 foiz aholi tabiiy qariydi, 20 foizi baxtsiz hodisalar va urushlar, 70 foizi turli kasalliklar natijasida olamdan o‘tar ekan.

Sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilmaslik, o‘z salomatligiga e’tiborsizlik oqibatida dunyo bo‘yicha aholi o‘rtasida yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabetning ikkinchi turi, o‘sma kasalliklari hamda nafas yo‘llarining surunkali kasalliklaridan erta yoshlarda o‘lim va kasallanish holatlari yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Surunkali kasalliklarning 60 foizi noto‘g‘ri turmush tarzi, ya’ni tamaki chekish, alkogol iste’mol qilish, meva-sabzavotlarni yetarlicha iste’mol qilmaslik, yog‘lar, tuz va shirinliklarni me’yoridan ko‘p tanovul qilish, jismoniy nofaollik bilan bog‘liq.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qilish o‘zingizdan.

Sh.Boboyorov,

Samarqand shahar 2-oilaviy poliklinikasi filiali bo‘lim boshlig‘i.