Surxondaryolik hokimlar Jomboyda Markaziy Osiyodagi yagona bog‘ faoliyatini o‘rgandi

Surxondaryo viloyatining tuman, shahar hokimlari hamda sektor rahbarlaridan iborat delegatsiya Jomboy tumanida ham bo‘lishdi.

Mehmonlar dastlab Kattaqishloq mahallasidagi “Bog‘bon” in-vitro laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda yo‘lga qo‘yilgan yong‘oq ko‘chatlarining zamonaviy usulda ko‘paytirish, botanik-klonlash tizimi ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.

Navbatdagi manzil Qo‘ng‘irot mahallasida bunyod etilgan intensiv bog‘ bo‘ldi. 2000 gektardan ortiq maydonda tashkil etilgan bog‘dorchilik kompleksida meva-sabzavotlarning yuzdan ortiq turi yetishtirilmoqda.

– G‘o‘bdin etaklarida yaratilgan bu bog‘ uslub va hajm jihatdan Markaziy Osiyoda tengsiz, – deydi “Maroqand meva-sabzavot” MChJ direktori Mehroj Fayzilov. – Jomboyning o‘ziga xos tabiati, ming yillar davomida shakllangan sohibkorlik an’analari soha rivojini ta’minlayapti. Yetishtirilgan mahsulotning asosiy qismi eksport qilinyapti. Ammo tez orada urug‘idan to qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayon shu yerning o‘zida kompleks tus oladi.

Darhaqiqat, bog‘ tarkibida 20 ming tonnalik ulkan muzlatkich ishlab turibdi. Jamiyat a’zolarining aytishicha, yetishtirilgan mevalar bir necha yilgacha saqlanishi, so‘ng eksportga yo‘naltirilishi yoki qayta ishlash korxonalariga yuborilishi mumkin. Bunda bir vaqtning o‘zida minglab tonna mahsulotni bir yerga jamg‘arish, uzoq vaqt saqlash imkoni mavjud.

– Jomboy sanoatda yetakchi tumanlardan biri ekanidan xabarimiz bor edi, – deydi Qiziriq tumani hokimi Olimjon Muhammadiyev. – Tashrif davomida sanoatning yangi tarmoqlari faoliyati bilan ham tanishdik. Bu tajribamiz oshishi, o‘z hududimizda yangi yo‘nalishlar tashkil etishimiz, yangi g‘oyalar uchun ham turtki bo‘ldi. Zero, delegatsiyaning oldiga qo‘ygan maqsad ham shu.

Jomboy tuman hokimligi axborot xizmati.