Suvda cho‘kib, bevaqt halok bo‘lgan bolalar nazoratsiz qoldirilgan, kattalar esa spirtli ichimlik iste’mol qilgan

Suvda cho‘kkan odamning nafas olishi bir necha soniyalar ichida to‘xtaydi va hushini yo‘qotadi. Agar uni 5 daqiqa davomida suvdan chiqarib, o‘pka yurak reanimatsiyasi o‘tkazilmasa, miyaga kislorod yetib bormaydi va oqibatda to‘qimalar o‘lishni boshlaydi. Birinchi yordam 5-7 daqiqadan keyin amalga oshirilsa, insonni hayotga qaytarish imkoniyati kamayadi. Ya’ni, bu jarayonda klinik o‘limga uchragan inson biologik o‘limga o‘tib ketadi.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, respublikamizda 2023 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 331 ta suzish havzasi mavjud. Ana shu suzish havzalarining 299 tasi shahar, 32 tasi qishloq joylarida. Yurtimizda aholi soni 37 milliondan oshganini hisobga olsak, suzish havzalari ehtiyojimizni qondirishga yetarli emas.

Xususan, qishloq joylaridagi suzish havzalari har bitta tumanga bittadan ham to‘g‘ri kelmaydi. Bu odamlarning taqiqlangan hududlarda hayotini xavf ostiga qo‘yib, cho‘milishiga  asosiy sabab. Ekspertiza xulosalari hamda tahlillariga qaraganda, aksariyat hollarda suvda cho‘kish holati avvalo, taqiqlangan joylarda cho‘milish, suzishni bilmaslik yoki spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida yuzaga kelmoqda. Viloyatimizda keyingi 3 yilda Darg‘om kanalida 3 ta, Zarafshon daryosida 2 ta, Kattaqo‘rg‘on suv omborida 1 ta holatda fuqarolarning suvda cho‘kib halok bo‘lishi qayd etilgan.

- 2021-2023 yillar mobaynida viloyat hududida fuqarolarning suvda cho‘kib halok bo‘lishlari bilan bog‘liq holatlar monitoringiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 42,5 foizini 23 yoshdan 53 yoshgacha, 35 foizini 13 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar hamda 22,5 foizini 12 va undan kichik yoshda bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda, - deydi Samarqand shahar FVB tezkor bo‘linma boshlig‘i Sherzod Murodov. - Keyingi 5 yil davomida esa suvda cho‘kib halok bo‘lgan yoshi katta fuqarolarning 70 foizi spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda cho‘milgan. Bolalar esa ota-onalar nazoratisiz qolgani sabab bevaqt olamdan o‘tayotgani kuzatilmoqda.

Taqiqlangan joylarda cho‘milish – o‘limni bo‘yniga olish

Ayni yoz mavsumida cho‘kish bilan bog‘liq mudhish hodisalar ko‘p uchraydi. Bunday favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida viloyatda qanday ishlar amalga oshirilmoqda, umuman, Samarqanddagi suv havzalarining bugungi holati talabga javob beradimi, o‘zi viloyatda nechta qutqaruv brigadasi bor?

Ushbu savollarga viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar bo‘limi bosh inspektori Anvar To‘rayevdan javob oldik.

 - Keyingi paytda yoz mavsumida cho‘kish bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar asosan yoshlar o‘rtasida ko‘p uchrayapti, - deydi A.To‘rayev. – Bunga ota-onalarning farzandlarini nazoratsiz qoldirishi, taqiqlangan xududlar cho‘milish va xavfsizlik qoidalarini bilmaslik sabab bo‘lmoqda. Boshqacha aytganda, bunday joylarda cho‘milayotganlar o‘limni bo‘yniga olyapti. Birinchidan, ruxsat etilmagan suv havzalarida suvning gigiyenik holati talabga javob bermaydi. Ikkinchidan, suv sathining chuqurligi ma’lum emas. Uchinchidan, suv ostida turli zaharli hasharot va jonzotlar bor. To‘rtinchidan, suv harorati doimiy past va oqim tez.

Bugungi kunda viloyatda maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi tarkibida qutqaruv g‘avvoslar brigadasi mavjud bo‘lib, ularda 10 nafar g‘avvos faoliyat olib bormoqda. Suvda qutqarish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha barcha yetarli texnika va asbob-anjomlar mavjud va shay holatga keltirilgan. Aytish joizki, joriy yilning o‘tgan davrida suvda cho‘kish bilan bog‘liq mudhish hodisa kuzitilmadi.

Viloyatda 20 ta cho‘milish suv havzasi ro‘yxatdan o‘tgan. Mavsum oldidan viloyatning xududiy favqulodda vaziyatlar bo‘limlari hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda barcha tuman va shaharlarda cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish ularning holatini o‘rganib, muammo va kamchiliklar vaqtida bartaraf etildi. Shuningdek, cho‘milish ruxsat etilmagan joylar (ko‘llar, daryolar, kanal va ariqlar)da taqiqlovchi belgilar o‘rnatildi. Ayni paytda  mahallalarda, o‘quv muassasalarida hamda suv xo‘jaligi ob’yektlarida profilaktik tadbirlar davom etyapti.

Amal qiling!

Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, cho‘kish bilan bog‘liq hodisalarning yuz bermasligi uchun, avvalo, ruxsat etilgan joylarda cho‘milish va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish lozim. Birinchi navbatda havo harorati issiq bo‘lgan va shamol bo‘lmagan vaqtda cho‘milish tavsiya etiladi. Qorin och bo‘lganda, charchaganda, tashnalikda, yaqinda bemorlikdan sog‘ayganda, spirtli ichimlik ichganda, yolg‘iz bo‘lganda va quyosh urish xavfi bo‘lgan hollarda cho‘milish maqsadga muvofiq emas.

Shuningdek, taqiqlangan joylarda cho‘milish, kater va qayiqlarga yaqin suzib borish, yosh bolalarni suvda qarovsiz qoldirish, chegaralangan belgilardan tashqarida cho‘milish, ko‘prik, damba va kemalardan suvga sakrash, notanish joylarga sho‘ng‘ish taqiqlanadi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.