Suvdan foydalanish bo‘yicha 9 oyda 905 ta qonunbuzilish holati aniqlandi

Viloyatimizda 2022 yil hosili uchun 94 ming 230 gektar yerda boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan. Ayni paytda tumanlarda kuzgi boshoqli don ekish ishlari davom etmoqda. Buning uchun 164 dona g‘alla ekish seyalkalaridan unumli foydalanilmoqda.

G‘alladan mo‘l hosil yetishtirishning muhim omillaridan biri ekin maydonlarini peshma-pesh sug‘orishdan iborat. Mazkur agrotexnik tadbirlar “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat hududiy boshqarmasi va tumanlardagi bo‘limlari tomonidan nazorat qilinmoqda.

– “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish yuzasidan 2 ming 410 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, sohaga oid 905 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi hamda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi, – deydi agroinspeksiya viloyat boshqarmasi bosh inspektori Avaz Ochilov. – Mazkur qonunbuzilishlar bo‘yicha mas’ul shaxslarga nisbatan 599 holatda 159,6 million so‘mlik  ma’muriy va 77 holatda 49,9 million so‘mlik moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi. 57 holatda to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi axborot xizmati.