“Suvoqava” DUKning Urgut filialida talon-tarojliklar aniqlandi

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi va Urgut tumani bo‘limi xodimlari tomonidan “Suvoqava” DUKning Urgut tumani filialiga qarashli bo‘lgan suv artezianlari nazoratdan o‘tkazildi.

Jumladan, Urgut tumanining Vatak, Mergancha, Algar, Quyi Tegana va Do‘stlik mahallalarida joylashgan suv artezianlarida elektr energiyasidan foydalanish holatlari o‘rganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Ushbu suv artezianlaridagi suv inshootlariga o‘rnatilgan elektr hisoblagichlar kuyib qolganligi sababli qayta o‘rnatilmagan va elektr hisoblagichlar elektr ta’minoti korxonasining elektron bazasiga kiritilmagan.

Mazkur aniqlangan holatlar yuzasidan qayta hisob-kitob xulosasiga ko‘ra, “Suvoqava” DUKning Urgut tumani filiali mansabdor shaxslari tomonidan elektr ta’minoti korxonasi manfaatlariga 174 million 483 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, “Suvoqava” DUKning tuman filiali tomonidan joriy yilning aprel oyi uchun 32 million 345 ming so‘mlik, may oyi uchun 32 million 260 ming so‘mlik, iyun oyi uchun 30 million 359 ming so‘mlik, iyul oyi uchun 57 million 819 ming so‘mlik elektr energiyasi iste’moli to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Aslida esa filialning mansabdor shaxslari tomonidan 2019 yil davomida tuman elektr ta’minoti korxonasiga taqdim etilgan hisobotlarda mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘yilib, jami 256 million 158 ming so‘m miqdoridagi elektr energiyasi iste’moli yashirilib, hisobotlarda kam ko‘rsatilgan hamda noto‘g‘ri hisobot taqdim qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Urgut tumani bo‘limi tomonidan “Suvoqava” DUKning tuman filiali mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 207-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Urgut tumani prokuraturasiga yuborilgan.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.