Svetlana Ortiqova: “Hayit oshini ham, pasxa kulichisini ham bir dasturxon atrofida tanovul qilganmiz”
U yoki bu davlatda sodir bo‘layotgan mojarolar, qonli to‘qnashuvlar sababchilari qolib, ularning millatiga urg‘u berilayotgani va o‘sha millat vakillariga nisbatan nafratning oshkora aytilishi kundan-kunga kuchayib bormoqda. Shu millat e’tiqod qiladigan dinga tosh otilishi, shubha ostiga olinishi, o‘sha din vakillariga ishonchsizlik ham ro‘y berayotgani fojia, tinchlik va totuvlikka, o‘zaro ishonchga o‘t qo‘yayotgan fojia.
Garchi “Terrorchining millati yo‘q”, “Urush bir millatning fojiasi emas”, kabi iboralar qayta-qayta ishlatilayotgan bo‘lsa-da, hayotimizga nanotexnologiyalar kirib kelayotgan zamonaviy asrda millatlararo etikaning, jurnalistikaning qator qoidalari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Xo‘sh, bugun ham dunyoning qaysidir bir davlatida sodir bo‘layotgan hujumlar haqida gapirayotib, jinoyatchining millati va dini eslatib o‘tilishi nega bu qadar xavfli? Nega hamma bilgan qoidaga bu masalada amal qilinmayapti?
Poytaxtda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan “Markaziy Osiyoda dinlararo va bir din ichidagi bag‘rikenglik masalalarini yoritishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzuidagi xalqaro davra suhbati shu va shu kabi masalalarni atroflicha muhokama etish uchun qulay maydonga aylandi.
Qulayligi shundaki, unda o‘zbekistonlik ekspertlar bilan bir qatorda, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistondan kelgan mediatrenerlar, olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Anjumanning ochilish marosimida UCAIDning O‘zbekistondagi missiyasi demokratiya va boshqaruv bo‘yicha idorasi direktori Fey Xaselkorn, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari Gulnora Bobojonova mazkur masalaning bugungi kun uchun nechog‘lik dolzarbli ekaniga to‘xtaldi.
- Namangan viloyatida, oddiy o‘zbek oilasida tug‘ilib, o‘sganman, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova. – Otam o‘zbek, onam ukrain millatiga mansub bo‘lgani uchun hayitni ham, pasxani ham nishonlaganmiz. Kulichini ham, hayit oshini ham birday, bayramona tanovul qilganmiz. Ota-onalarimiz, bolalar o‘rtasida u yoki bu din, millat vakillari kamsitilishni hech kuzatmaganmiz. Boshqa din, millat vakillariga do‘stona munosabat aslida oilada boshlanib, butun jamiyatda, dunyoda hukm surishi lozim bo‘lgan muhim jarayonlardan biri. Negaki, qonun ustuvor mamlakatda inson ko‘nglidagi e’tiqodga daxl qilish ham taqiqlanadi. Mamlakatimizda keyingi yillarda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni ta’minlash maqsadida 50 ga yaqin qonun hujjatlari, 40 dan ortiq qarorlar qabul qilindi. Bu masalada qator ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Garchi o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan, mamlakatimiz diniy bag‘rikenglik masalalarida xalqaro doiralarda e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, bugun hatto bir din ichidagi o‘zaro kelishmovchilikka zamin yaratayotgan maxsus guruhlar ham borligi tashvishli. Deylik, ro‘mol o‘rash, soqol qo‘yish, ko‘pxotinlik kabi qator masalalarni qayta-qayta ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqish, aholiga davlat idoralari xodimlarini salbiy bo‘yoqda ko‘rsatish kabi holatlar uchramoqda.
- Boshqa dinlarga nisbatan toqatsizlik bu kecha yoki bugun paydo bo‘lgan muammo emas, - deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti professori Yoqutxon Mamatova. – Ammo globalizatsiya, to‘siqsiz internet, bir axborot soniyalar ichida butun dunyoga tarqalayotgan paytda bu masala tashvishli oqibatlarni keltirib chiqarayotganiga qator misollarni keltirishimiz mumkin. Jurnalistlarning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalalarini zamonaviy multimedia vositalaridan foydalangan holda yoritishi ayniqsa muhim. Turli terrorchilik harakatlariga oid yoki diniy terminlarni, albatta, mutaxassis bilan maslahatlashgan holda ishlatish kerak. Birinchi navbatda o‘zi bu masalada savodxon bo‘lishi zarur.
Konferensiya davomida, shuningdek, ko‘p madaniyatli jamiyatda din, jamoatchilik va konfessiyalararo muloqotning o‘rni, diniy mavzularni yoritishida axloqiy me’yorlar, xalqaro standartlar va boshqa ko‘plab mavzular bo‘yicha fikr almashildi. Markaziy Osiyo davlatlari tajribasi o‘rganildi, amaliy sessiyalarda bilimlar mustahkamlandi.
Gulruh Mo‘minova.