"Svetoforning qizil chirog‘ida to‘g‘riga o‘tish uchun turgan haydovchilar o‘ngga qayriladiganlarga yo‘lni bo‘shatib berishga majbur emas"

16 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV YHXBB matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov yo‘l harakati qoidalaridagi yangi o‘zgarishlar haqida gapirar ekan, ular orasida yangi joriy qilinayotgan "Svetoforning qizil chirog‘ida boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermay o‘ngga qayrilish mumkinligi" qoidasiga batafsil  izoh berdi:

-Bu qoida haydovchilar uchun aslo majburiyat emas, balki tavsiya va imkoniyatdir. Shuning uchun ham o‘ng tarafdan kelib to‘g‘riga harakatlanmoqchi bo‘lgan va svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan haydovchilarga orqadan kelib o‘ng tarafga qayrilmoqchi bo‘layotgan haydovchilarning "yo‘lni bo‘shat" deb signal chalishlari, bosim o‘tkazishlari aslo mumkin emas. Ular svetoforning qizil chirog‘i ochilishini va to‘g‘riga harakatlanayotgan haydovchining yo‘lni bo‘shatishini kutishlari lozim. Haydovchilardan ham iltimos qilar edik, ular to‘g‘riga harakatlanayotgan bo‘lsalar iloji boricha o‘ng tarafni band qilmay boshqa qatorda tursalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bu amaliyotni sinov tariqasida bir nechta shaharlarda joriy qilganimizga bir yildan oshdi va kuzatishlarimiz shuni bildirayaptiki, svetoforning qizil chirog‘ida o‘ng tarafga qayrilmoqchi bo‘lganlarning aksariyati o‘sha yo‘lda to‘g‘riga o‘tmoqchi bo‘lib turib qolgan haydovchilarga "yo‘lni bo‘shat" deb signal chalib, bosim o‘tkazib, hatto haydovchilar o‘zaro janjallashgan holatlar ham yuz berdi. Qoidalarga ko‘ra, o‘ng tarafda svetoforning qizil chirog‘ida to‘g‘riga o‘tish uchun kelib to‘xtab turgan haydovchilar orqadan "yo‘lni bo‘shat" deb signal chalayotgan va bosim o‘tkazayotgan boshqa haydovchilarga yo‘lni bo‘shatishga majbur emas. Faqatgina o‘ngga qayrilish svetofor bilan tartibga solinadigan chorrahalar bundan mustasno va u yerda to‘g‘riga qarab harakatlanayotgan haydovchi yo‘lni to‘sib qolmasligi kerak. Bu qoidani haydovchilarga kengroq tushuntirishda OAVning roli katta. Shuning uchun bu qoida haqida OAV ko‘proq yoritishlaringizni iltimos qilar edik.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil, 9 apreldagi "Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qarori va unda nazarda tutilgan yangi tartib va o‘zgarishlarni keng jamoatchilikka tushuntirish masalalarini muhokama qilish uchun IIV YPXBB xodimlari, matbuot xizmati vakillari va turli OAV vakillari qatnashishdi. Ushbu matbuot anjumanida zarnews.uz xodimi ham ishtirok etdi.