Tanqiddan so‘ng: Qo‘shrabotdagi maktabga 20 tonna ko‘mir keltirildi

Joriy yilning 1 noyabr kuni Zarnews.uz hamda Qo‘shrabot tumani hokimligi saytlarida “Kuz o‘tib boryapti, qish yaqinlashmoqda, ko‘mirdan esa darak yo‘q” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda Qo‘shrabot tumanidagi ba’zi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati tanqid qilingandi. Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi maqolada ko‘tarilgan masalalar yuzasidan quyidagilarni ma’um qildi.

“Tumandagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati, mavsumga tayyorgarligi tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi a’zolari tomonidan o‘rganilganda muassasaning kuz-qish mavsumiga tayyor emasligi, ko‘mirxonasida ko‘mir yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

Qisqa fursatda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida maktabga 20 tonna ko‘mir olib kelindi. Ayni paytda nafaqat ushbu maktab, balki viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi boshqa ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga shayligi qayta o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yaqinda viloyat hokimi E.Turdimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot chog‘ida ba’zi maktablarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida jiddiy kamchiliklar borligini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida, maktab direktorlari ta’lim muassasasini isitishga emas, bevosita ta’lim samaradorligini ta’minlashga javobgar ekanligini qayd etib, ushbu masalaga ijro hokimiyati jiddiy e’tibor qaratishi lozimligini talab qildi.

Aytmoqchimizki, mavsumni munosib o‘tkazish, o‘quvchi va o‘qituvchilarning kuz-qish mavsumining sovuq kunlarida aziyat chekmasligi uchun nafaqat ijro hokimiyati, balki kelajak avlod taqdiriga mas’ul barcha idora va tashkilotlar birdek, zimmasidagi mas’uliyatni o‘z vaqtida ado etishi lozim.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati”.