Tabiiy ofatlarga tayyor turish "sovuq nafas" emas

Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni dunyoda o‘rtacha 200 ga yaqin kishi tabiiy ofat qurboni bo‘ladi. Shunga qaramay ularning oldini olishning aniq ko‘rsatmalarini ishlab chiqish muammoligicha qolmoqda. Shu bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 2017  yildagi rezolyusiyasiga asosan har yilning 13 oktyabr sanasi Xalqaro halokatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilingan.

Hech bir mamlakat yo‘qki, favqulodda vaziyatlardan to‘la kafolatlangan bo‘lsa. Tabiiy ofatning katta-kichigi bo‘lmaydi va u mavsum tanlamaydi. Ayrim mamlakatlarda jazirama issiq xavf tug‘dirsa, ba’zi o‘lkalarda kutilmaganda sel va suv toshqinlari yuz bermoqda. Yer silkinishi, anomal sovuq biz uchun ham yangilik emas.

Shunday ekan, har bir inson favqulodda vaziyatlar yuz berishiga, xususan, tabiiy ofatlarga doimo tayyor turishi, undan muhofazalanish qoidalarini bilishi lozim. Buning eng samarali usuli esa fuqarolarni yoshligidan tayyorlab borish hisoblanadi. Xalqaro tajriba ham shuni ko‘rsatmoqda.

Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi? Birinchi navbatda, umumta’lim maktablarida tabiiy ofatlardan muhofazalanish bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar o‘tilishi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Shuningdek, ota-onalar ham uning tartibi va talablarini bilishi, uy sharoitida farzandlariga o‘rgatishi maqsadga muvofiq. To‘g‘ri va tartibli harakat nafaqat o‘zingiz, balki boshqalarning xavfsizligiga ham xizmat qiladi.

Misol uchun, zilzila vaqtida ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarning ko‘pchiligi zinapoyaga yugurib chiqadi. Aslida bu xato. Chunki ko‘p hollarda zilzila vaqtida aynan shu qurilmalar birinchi navbatda qulaydi. Ikkinchi qavatdan yuqorida yashovchilar hech qachon lift yoki zinapoyalarga qarab yugurmasligi kerak. Bunday vaziyatda uyning eshigini ochib, uning o‘rniga turish lozim. Maktab o‘quvchilari esa partalar tagiga kirib, oynaga teskari o‘girilib, boshlari va yuzlarini qo‘llari bilan berkitib olishlari zarur.

Guvohi bo‘lganingizdek, xavfsizlik qoidalari u qadar qiyin emas. Faqat ularni doimiy takrorlab, yodda tutib borsak, kutilmagan ofatlar vaqtida ishlatishimiz mumkin bo‘ladi.

Anvar TURDIQULOV,

viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi xodimi.