Tadbir bahona aholini bir necha o‘n yillardan beri qiynayotgan muammolarga barham berilyapti

Bu gapni viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan anjumanda “Samarqand suv ta’minoti” MChJ rahbari Komiljon Yusupov aytdi. 

Sababi, jamiyat tomonidan tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumani Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik jarayonida ichimlik va oqova suv ta’minotida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlandi.

- Shu kunlarda tadbir oldidan shaharning 11 ta ko‘chasidagi 28 kilometrlik suv tarmoqlarini yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, - deydi K.Yusupov. – Nufuzli tadbir oldidan amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlari natijasida muddatini o‘tab bo‘lgan quvurlar yangilanyapti. Rejalashtirilgan qurilish-montaj ishlarining 86 foizi bajarildi. Ishlar yakuniga yetgach, shaharda yangidan tashkil qilinadigan “Turistik markaz”, Sartepa, Sug‘diyona, Mikrarayon A va B hududlardagi ko‘p qavatli uylar, hovlilar va ijtimoiy soha ob’yektlarini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoni yaratiladi. 

Bundan tashqari, Jahon banki ishtirokida 2016-2021 yillarda “Buxoro va Samarqand shaharlari oqova suv tozalash inshootlari va oqova tizimlari rekonstruksiyasi” loyihasi dasturi bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti.

To‘lqin Siddiqov.