Tadbirkor muammosi yuzasidan qayerga murojaat qiladi?
Shu oyda davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazadi. Shu bois hududlardagi tadbirkorlar o‘zini qiynayotgan, faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolar bilan Prezidentga murojaat qilishi belgilangan.
Shu maqsadda viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvatlash va murojaatlarni o‘rganish shtabi tashkil etildi.
- Joriy yilning 21 iyulida tashkil etilgan shtabga moliya, soliq, bojxona, Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmalari kabi 8 ta mas’ul tashkilotdan vakillar biriktirildi, - deydi shtab a’zosi Jasur Ashurov. – Tadbirkorlarimiz shtabga bevosita biriktirilgan (66) 230-48-52 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib murojaat qilishlari mumkin. Bundan tashqari, Prezident portali, 1100 qisqa raqamlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan murojaatlar ham viloyat shtabiga yo‘naltirilmoqda.
Har bir murojaat tegishliligi bo‘yicha viloyatdagi 64 ta boshqarma tashkilotlari va 16 ta mahalliy hokimlikka yuborilmoqda. Dastlabki kunlarda sanoqli murojaat kelib tushgan bo‘lsa, keyingi kunlarda o‘rtacha 100 tadan murojaat bo‘lmoqda. Hozirgacha tadbirkorlardan 900 ga yaqin murojaat tushgan bo‘lsa, ulardan viloyatga tegishli 391 tasi (45 foizi) ijobiy hal etildi. 467 ta (52 foiz) murojaat o‘rganish jarayonida, 1 foizi rad etildi va 2 foiz murojaatlar respublika darajasida o‘rganilmoqda. Ya’ni, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Markaziy bank bilan bog‘liq masalalar alohida tartibda o‘rganiladi. Murojaatlarning asosiy qismi yer, kredit olish, “snos”lar bilan bog‘liq bo‘lmoqda, qonunlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ham bir nechta takliflar kelib tushdi. Har bir murojaat tegishli mutaxassislar ishtirokida joyida o‘rganilishi nazorat qilinib, shtabga ma’lumotlar jamlanmoqda.
O‘.Xudoyberdiyev,
B.Mustanov (foto).