Tadbirkor tashabbusi bilan qurilgan maktab binosi. Bu yerda qanday sharoitlar yaratilgan?

Yangi o‘quv yili arafasida Samarqand shahridagi 52-umumta’lim maktabining 540 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi foydalanishga topshirilgandi. E’tiborlisi, bino tadbirkor homiyligida bunyod etilgan.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan press-turda OAV vakillari shu maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
- Muassasamizning 960 o‘rinli eski binosi 1965 yilda qurilgan bo‘lib, ta’mirtalab holatga kelib qolgandi, - deydi maktab direktori Feruza Najmiddinova. - Shu bilan birga, o‘quvchilar soni ko‘paygani uchun xonalar yetishmasdi, maktabda sport maydonchasi yo‘q edi. Bir kuni shu maktabning sobiq o‘quvchilaridan biri, saxovatpesha tadbirkor Ilhom Rustamov "Bu maktab men uchun oddiy o‘quv maskani emas, balki katta hayotga tayyorlagan muqaddas dargoh. Erishgan muvaffaqiyatlarimda aynan shu maktabning hissasi katta. Shuning uchun eski maktab binosini ta’mirlab, yangi o‘quv binosi qurib bermoqchiman", deb taklif bildirdi. Rosti, bu tashabbusdan boshimiz osmonga yetdi va jamoamiz, mahalla ahli bilan bu taklifni qo‘llab-quvvatladik.
Qisqa fursatda ta’lim maskani uchun 4 qavatli 540 o‘rinli zamonaviy bino barpo etildi. Bu yerdagi sinfxonalarda o‘quvchilar turli fanlarni, xususan, axborot texnologiyalari va chet tillarini o‘rganishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Kasb-hunarga o‘qitish markazi, kutubxona va oshxona ham tashkil etildi. Shuningdek, tadbirkor maktabning 960 o‘rinli eski binosini ham mukammal ta’mirlab, uchta sport maydonchasi qurilishiga homiylik qildi.
Tadbirkor Ilhom Rustamov bundan avval ham Samarqand shahri, Bulung‘ur va Ishtixon tumanlarida o‘z hisobidan maktablar qurib bergan. Ana shu xizmatlari va yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi uchun u “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi ikki yilda viloyatimizda yuzdan ziyod ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shu jumladan, 10 ga yaqin muassasani barpo etish va rekonstruksiya qilishda tadbirkorlar bevosita homiylik qilgan. Joriy yilgi “Tashabbusli byudjet” dasturining 1-mavsumida viloyatdagi 51 ta ta’lim ob’yektida qurilish, ta’mirlash va moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun 74 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Barcha loyihalar aholining ovoz berishi asosida saralab olingan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.