Tadbirkorlar soliq turlari, ularni to‘lash, soliq hisobotlarini to‘g‘ri yuritish tartibidan qanchalik xabardor?

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga soliq hisobotlarini topshirish, dastlabki buxgalteriya hujjatlarini yuritishga ko‘maklashish, ularning muammolarini o‘rganish bo‘yicha manzilli ishlar hayotga tatbiq qilinmoqda.

“Soliqchi - tadbirkorga ko‘makchi” tamoyiliga asoslangan galdagi targ‘ibot tadbiri Past Darg‘om tumanida o‘tkazildi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi va Past Darg‘om tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tadbirkorlik sub’yektlari huzuriga borib, ularning faoliyati bilan atroflicha tanishdi va soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar xususida so‘z yuritib, imtiyozlardan foydalanish tartibi, hisobotlarni bexato topshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

- Ish boshlaganimizga uch oy bo‘ldi, - deydi “Alibekjon” oilaviy korxonasi rahbari Musurmon Rasulov. - Dastlab korxonamiz buxgalteriyasini yuritish, soliq hisobotlarini topshirishda tushunmovchiliklarga duch keldik. Ushbu masalalar yuzasidan tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlariga murojaat qildik. Murojaatimiz e’tibordan chetda qolmadi. Soliqchilar bizga amaliy yordam ko‘rsatdi. Buning samarasi o‘laroq, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, hisobotlarni kamchiliksiz topshirib kelyapmiz.

Tadbir doirasida Past Darg‘om tumani davlat xizmatlari markazida tadbirkorlik faoliyatini boshlagan yoshlarga ham sohadagi o‘zgarishlar, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq hisobotlari xususida atroflicha tushuncha berildi.

- Biz, yosh tadbirkorlar soliq turlari, ularni to‘lash, banklardan imtiyozli kredit olish, soliq hisobotlarini to‘g‘ri yuritish tartibi bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik, - deydi Sunnatillo Musurmonov. - Bugun olgan bilim va ko‘nikmalarimiz kelgusi faoliyatimizda asqotishi shubhasiz.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.