Tadbirkorlarga shubhali firmalar bilan hamkorlik qilmaslik lozimligi tushuntirilmoqda
Soliq kodeksinig 15-moddasida soliq munosabatlarida soliq to‘lovchilar kontragentlarni tanlash chog‘ida ularning ishbilarmonlik obro‘sini, ishlab chiqarish bazasi va xodimlari mavjudligini, moliyaviy holatini, bitim bo‘yicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini tekshirib, lozim darajada ehtiyotkorlik qilishi shartligi belgilangan.
Soliq kodeksining 14, 15 hamda 266-moddalarining mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’yektlari vakillariga batafsil tushuntirish maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan soliq to‘lovchilar uchun seminar-treninglar hamda davra-suhbatlari tashkil etilmoqda.
O‘tkazilgan navbatdagi seminarda korxona rahbarlari hamda bosh hisobchilarga lozim darajada ehtiyotkorlik mavzusida viloyat davlat soliq boshqarmasi QQS ma’muriyatchiligi bo‘limi xodimlari tomonidan batafsil tushuntirish berildi. Bir kunlik firmalar haqida ma’lumotlar berilib, korxona va tashkilotlar bilan kelgusida kirishiladigan iqtisodiy aloqalar jarayonida lozim darajada ehtiyotkorlik choralarini qo‘llash lozimligiga to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimlari bevosita korxonalarga borib, targ‘ibot ishlarini amalga oshirishni yo‘lga qo‘ydi. Jumladan Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “Daka tex” MChJ rahbari R.Qarshiyev hamda bosh hisobchi G.Karimova bilan o‘tkazilgan suhbatda bitimlarning iqtisodiy mazmuni va ularni yuridik jihatdan rasmiylashtirish, lozim darajada ehtiyotkorlik, to‘langan soliq summalarini hisobga olish bo‘yicha misollar yordamida tushuntirish berildi.
- Korxonamiz trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi, - deydi bosh hisobchi G.Karimova. - Eksportga mahsulotlarini realizatsiya qilishga ixtisoslashgan. Soliq organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari biz uchun juda foydali. Savollarimizga javob olamiz. O‘z takliflarimizni bildiramiz. Bugun ham shubhali firmalar bilan hamkorlik qilishning oqibatlari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Anvar Qobilov,
viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi.