Tadbirkorlarni ko‘proq qaysi muammo qiynayapti?

Hozirda Samarqandda 128 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritmoqda. Ishbilarmonlarning murojaatlari bilan ishlash va ularga yechim topish maqsadida viloyatda har hafta tadbirkorlar qabuli o‘tkazib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti oldidan ulardan kelayotgan murojaat va takliflarni o‘rganish maqsadida viloyat hokimligi qoshida shtab va Call-markaz tashkil etildi.

O‘z navbatida Investitsiya va tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman bilan hamkorlikda 1094 raqamli Call-markaz faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

- Joriy yilning 9 avgustigacha viloyatimiz tadbirkorlaridan 382 ta murojaat tushdi, - deydi Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti viloyat shtabi a’zosi Otabek Ahadov. – Murojaatlarning 240 tasi o‘rganib chiqildi va 187 tasi ijobiy hal etildi. 52 ta murojaat rad etilgan bo‘lsa, 142 tasi o‘rganish jarayonida. Murojaatlarning 70 ga yaqini bank sohasiga, 30 dan ziyodi shahar va tuman hokimliklariga tegishli bo‘ldi. Ko‘proq kommunikatsiya tarmoqlari, eksportni oshirish, bu boradagi tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha taklif va tashabbuslar bildirilmoqda. Murojaatlar tumanlar kesimida boshqa hududlarga nisbatan Samarqand shahri, Narpay, Urgut tumanlaridan ko‘p qayd etilmoqda.