Tadbirkorlik istiqboli yurt taraqqiyoti, jamiyat farovonligini belgilaydi

Tadbirkor g‘oyasini amalga oshirish orqali daromad oladi, ish o‘rni yaratadi, aholining iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondiradi va davlat g‘aznasiga ham hissa qo‘shadi. Shu bois mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlik faoliyatidagi muammolarga yechim topish maqsadida ularga ko‘maklashuvchi tuzilmalar tashkil etilayotganining ham boisi shu aslida.

Biz tadbirkorlik rivojiga ko‘maklashayotgan yangi tuzilma - viloyat hokimligi huzuridagi tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashi raisi Haydar O‘ROQOVga kengash faoliyatiga oid bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- Dastlab yurtimizda tadbirkorlar kunining belgilanishi va mamlakat tarixida ilk bor Davlat rahbarining shaxsan tadbirkorlar bilan uchrashuviga to‘xtalsangiz.

- Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi, - deya gap boshladi H.O‘roqov. - Keyingi besh yilda sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi, 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari o‘rtacha ikki baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi.

Bunday qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi tadbirkorlik sub’yektlari ko‘payib, oldindan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirmoqda. Keyingi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb uch baravar oshdi. Ko‘p ishbilarmonlar o‘z biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish o‘rinlari yaratib, nufuzli korxonalarga aylandi. Ichki va tashqi bozorda o‘z brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllandi.

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish maqsadida ilk bor tashkil etilgan ochiq muloqotda respublikamizdagi tadbirkorlarimiz tomonidan 15 mingdan ortiq, viloyatimiz tadbirkorlaridan 1200 dan ortiq murojaat tushdi. Demakki, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti tufayli soha faoliyatidagi shuncha muammoga yechim topildi.

Prezidentimiz mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘tkazilgan tadbirkorlar uchrashuvida sohani yanada rivojlantirish uchun to‘siq bo‘layotgan biznesni moliyalashtirish, soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, yer ajratish, infratuzilma, eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, transport-logistika sohasidagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga e’tibor qaratdi. Zarur hujjatlar qabul qilindi.

Tadbirkorlik yurtimizda eng ustuvor soha va bu yo‘nalishdagi muammolarning yechimini kechiktirib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarishni kengaytirishga katta e’tibor qaratadi. Shu bois joriy yil 22 avgustda Prezidentimiz tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazib, yurtimiz ishbilarmonlarining muammo va takliflarini shaxsan o‘rganib, xulosalar asosida sohani yanada rivojlantirish istiqbollari belgilanadi.

- Yurtimizda tadbirkorlarga ko‘maklashuvchi Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman kabi tuzilmalar mavjud bo‘lsa-da, Tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashi tuzilishiga nima sabab bo‘ldi?

- Viloyat hokimi huzuridagi Tadbirkorlar jamoatchilik maslahat kengashi faoliyati asosan viloyatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, hududning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi tizimli muammolarni yechish imkoniyatlarini ko‘rish hamda strategik investitsion loyihalarni ishlab chiqishga qaratishi belgilangan va shu yo‘nalishda faoliyat yuritib kelmoqda.

Kengash Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman faoliyatlariga qo‘shimcha tarzda, tor doiradagi tadbirkorlar fikrlarini to‘plab, ulardan samaralilarini amalga oshirib boradi. Kengash a’zolari o‘z takliflarini bevosita viloyat hokimiga aytadi. Bu juda muhim. Chunki takliflar orasida asosan tizimli muammolar, tadbirkorlikning rivojiga to‘siq bo‘layotgan masalalar haqida fikr yuritiladi.

- Kengash tadbirkorlarga qanday yordam ko‘rsatdi?

- Tadbirkorlar himoyasi uchun yaratilgan mexanizmlar yetarli, lekin ularni amalga oshirishdagi muammolar muhokama qilib borilmoqda. Birgina kredit ajratilishidagi rasmiyatchiliklar tadbirkorning ko‘p vaqtini oladi, faoliyatni rivojlantirish, mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ortga suradigan jarayon hisoblanadi. Kengash tomonidan pandemiya paytida kreditlar muddatlarini qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlik sub’yektlarini tekshirishlarda, eksport qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda, elektr, gaz ta’minotidagi uzilishlarda, bojxona jarayonlarini amalga oshirishda doimiy asosda yordam va maslahatlar berib kelinmoqda. Bu ham sub’yektlar faoliyatini tezroq rivojlantirishda qo‘l keladi.

- Tadbirkorlarimizni ko‘proq qanday masalalar qiynayapti?

- Kengash a’zolari tadbirkorlikka yaratilayotgan imkoniyatlarni to‘laroq foydalanishga qaratilgan muammolarni o‘rganishadi. Muhokama qilinadigan masalalarda ko‘proq eksport salohiyatini oshirish, yangi mahsulotlarni eksportga chiqarish, eksport geografiyasini kengaytirish, investitsion loyihalar samarasini oshirish, yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishga qaratiladi. Yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari, qishloq xo‘jaligi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatidan daromadni oshirish, tomorqachilar daromadini oshirish, yirik ko‘p tarmoqli korxonalarda boshqarishni takomillashtirish va informatsion texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish ham e’tibordan chetda qolmaydi. Tadbirkorlik sub’yektlari uchun kadrlar tayyorlash, ish joyida treninglar tashkil etish, hamkor topish ishlariga ham ko‘maklashiladi.

- Viloyatimizda tadbirkorlar sonining o‘sishi haqida nima deya olasiz?

- Bundan 31 yil oldin Jomboy tumanida tadbirkorlik faoliyatimni boshlaganimda ro‘yxatdan o‘tishning o‘zi katta muammo edi. O‘shanda olgan guvohnomamning raqami ham 00001 edi. Ustav shakllantirish uchun bir necha bor Toshkentga borib kelish lozim, shunda ham yuridik tashkilotlar uchun falon pulga ustav nusxasini sotib olinardi, kooperativlar uchun ustav yo‘q edi. Keyinchalik “Navobod naslli parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini tashkil etib, parrandachilik faoliyatini boshladik. Xo‘jalikda inkubatsion tuxum, bir kunlik jo‘ja, parranda ozuqasi ishlab chiqaryapmiz. Hamkorliklar yaxshilangani bois qo‘shni davlatlarga mahsulotimizni eksport qilishni yo‘lga qo‘ydik. 120 gektar yer maydoni olib, uzumchilik klasterini tashkil etdik. Hozir soha rivoji uchun barcha imkoniyatlar yaratilyapti. Tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuning evaziga aksariyat tadbirkorlik sub’yektlarida o‘sish bor, yangi investitsion loyihalar ishga tushirilib, ular bu o‘sishga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Yirik loyihalardan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi rezidenti Samarqand shahridagi “Azia Metall Prof” korxonasining quvvati yiliga 120 ming tonna ruxlangan va polimerlangan tunuka hamda o‘ramali metall mahsulotlari ishlab chiqarish zavodlari, Jomboy tumanidagi xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi, Qo‘shrabot tumani Chimmoz mahallasidagi “ZARAFSHON TEXTILE” MChJning 500 ish o‘rniga ega 11-trikotaj fabrikasining ishga tushirilishi misol bo‘la oladi.

- Belgilangan ishlar va kelgusi rejalar qanday?

- 2021 yil iyun oyidan bo‘yon kengashning 7 marotaba uchrashuvi o‘tdi. Kengash o‘zini tadbirkorlik muhitini yaxshilash va investitsion jozibadorlikni oshirishga qaratilgan yana bir samarali maydoncha sifatida ko‘rsatdi. Kengash a’zolarining bildirgan takliflari ijtimoiy-iqtisodiy hayotga tatbiq etib kelinmoqda.

Kengash tashabbusi bilan “Ishbilarmonlarning “YANGI SAMARQAND” hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi jamoat fondi” ta’sis etildi. Bunda tashabbuskorlar tomonidan mablag‘lar tushirilmoqda, fond tomonidan 3 ta grant loyiha moliyalashtirildi.

Rejalarga keladigan bo‘lsak, kengashda yanada dolzarb muammolarni muhokama qilib borish, tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarda faol bo‘lish, fond tomonidan samarali loyihalarni moliyalashtirib borish maqsad qilingan.

- Kengashga yirik korxonalar a’zo bo‘lgan. Bu nimani anglatadi?

- Yirik tadbirkorning a’zoligi muhokamadagi masalalarga tajribali ko‘z bilan qarashga, kengroq fikrlashga imkoniyat yaratib kelmoqda. Kengash yig‘ilishlari o‘ziga yarasha tajriba almashish maydonchasiga aylangan. Har bir yig‘ilish biror bir tadbirkorlik sub’yektida bo‘lib, ularning ishlab chiqarish va boshqarish tajribalarini, tadbirkorlik madaniyatini o‘rganishadi.

Masalan, “NURLI KELAJAK ISHONCH SERVIS” qurilish korxonasi mezbonlik qilgan kengash yig‘ilishida turarjoy massivlari qurilishidagi zamonviy yondashuv – suv, suvoqova, elektr va aloqa tarmoqlarini maxsus qurilgan tunellar orqali o‘tkazish tashabbusi kiritildi. Bu bilan kommunikatsiyalarni zarur bo‘lganda ta’mirlash, nosozliklarning oldini olishda ko‘cha va piyodalar yo‘laklarini qazishning oldi olinganligi hamda massivda tadbirkor tomonidan boshqaruv kompaniyasini tuzib, aholiga kafolatli xizmatlar tashkil etilganligi ko‘pchilik uchun ham yangilik, ham ibratli tajriba bo‘ldi. “Sam Antep Gilam – SAG” gilam ishlab chiqarish korxonasi ko‘p tarmoqli faoliyatni samarali boshqarish, unda axborot texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. “AGROMIR GROUP” meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonasi qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan samarali hamkorlik, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, mahsulot sifati nazorati va assortimentini kengaytirish siyosati bilan kengash a’zolarini tanishtirdi.

- Prezidentimizning o‘tgan yilgi tadbirkorlar bilan uchrashuvidan so‘ng qanday o‘zgarishlar bo‘ldi, qaysi yo‘nalish va sohalardagi og‘riqli muammolarga yechim topildi?

- Tadbirkorlikni rivojlantirishda yer ajratish muhim muammolardan biri. Tadbirkorlar uchun “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining viloyatimizning barcha tumanlarida filiallarining ochilishi, kichik sanoat zonalarining sonini 64 taga ko‘paytirib, 90 taga yetkazilishi tadbirkorlikni rivojlantirish uzoq tumanlarni sanoatlashtirishda katta turtki bo‘ladi.

Shu bilan birga, foydalanilmay turgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yer maydonlarini auksion orqali shaffof elektron savdo tizimining joriy etilishi, davlat xaridlari tizimida ham ochiq elektron savdo platformasining ishga tushishi kabi tizimli ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi.

O‘ktam Xudoyberdiyev suhbatlashdi.