Tahririyatlar umumbelgilangan tartibda xususiylashtirilmaydi

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida "Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi" faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Mahmaraimov Prezidentimizning joriy yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida viloyatda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

- Farmon bilan Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida korxonalarni sog‘lomlashtirish hamda xususiylashtirish klinikasi tashkil etildi, - deydi S.Mahmaraimov. -  “Bir darcha” tamoyili asosida ishlaydigan klinika faoliyatini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruh tashkil etildi.

Ishchi guruh aholi va tadbirkorlarga korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish jarayonlarida tadbirkorlarga beg‘araz amaliy yordam ko‘rsatadi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartibi va onlayn savdolarda ishtirok etish haqida ma’lumotlar taqdim etadi.

Klinikada Call markaz tashkil etildi. Aholi va tadbirkorlar zarur ma’lumotni agentlikning 1082 qisqa raqami hamda savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasining (78) 210-11-02 telefoni orqali olishi mumkin.

Shuningdek, davlat aktivlarini sotib olayotgan xaridorlarga mablag‘ni 3 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi berildi. Korxonalarning aksiyalarini sotib olgan xaridorlar to‘lagan mablag‘iga yarasha o‘sha korxonani boshqarish hamda sotib olgan aksiyalariga hisoblangan dividendlar olish huquqi berildi.  Sof aktivi 100 million so‘mdan oshmaydigan korxonalar baholanmasdan, sof aktivlari qiymatida savdoga chiqariladi.

Viloyatdagi tahririyatlarni xususiy sektorga o‘tkazishda individual yondashuvga amal qilinadi. Nashriyot va tahririyatlar muhim yo‘nalish bo‘lganligi tufayli umumbelgilangan tartibda xususiylashtirilmaydi. Bu korxonalar davlat unitar korxonasi bo‘lganligi uchun amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ularni dastlab xo‘jalik jamiyatiga aylantirish lozim. Viloyatdagi 10 ta tahririyat davlat unitar korxonasidan mas’uliyati cheklangan jamiyat shakliga o‘zgartirilib, to‘liqligicha davlat ulushi saqlab qolinadi. Keyinchalik ulushni xususiylashtirish masalasi individual yondashuv asosida bosqichma-bosqich hal etiladi. Mehnat jamoasi bexabar holda xususiylashtirilmaydigan, ya’ni individual yondashuv asosida xususiylashtiriladigan korxonalar viloyatimizda 25 tani tashkil etmoqda.

Viloyatda 58 ta bozor va savdo komplekslari bo‘yicha 3 oyda takliflar tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Bildirilgan takliflar asosida huquqiy hujjat qabul qilingach, ushbu majmualarni xususiylashtirish tartibi belgilanadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.