Tailanddan Farg‘onaga charter reys orqali 257 nafar yo‘lovchi keldi
Bugun, 26 mart kuni soat 05:25 da Farg‘ona xalqaro aeroportida Tailandning Bangkok shahridan uchgan avireys qabul qilindi.
Farg‘ona viloyati hokimligining koronavirus kasalligiga qarshi kurashish va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat shtabidan olingan ma’lumotga ko‘ra, samolyot bortida 257 nafar mamlakatimiz fuqarolari favqulodda holatdan kelib chiqqan tartib-qoidalar asosida kutib olindi.
67 erkak, 163 ayol, 27 voyaga yetmagan, shundan, 255 nafari O‘zbekiston fuqarolari, 1 nafar ayol Rossiya va 1 nafar erkak Ukraina fuqarosi bo‘lgan.
Bir nafar fuqaro - 2010 yil 7 mayda tug‘ilgan, Toshkent shahar, Yunusobod tumanida yashovchi M.Ogorodnikov qarovchisi yo‘qligi bo‘lganligi sababli shu reysning o‘zida Toshkent shahriga yuborildi.
Yo‘lovchilarning har biriga nisbatan tibbiy-profilaktik nuqtai nazardan qattiq nazorat o‘rnatilgan. Ular Rishton tumanidagi sog‘lomlashtirish markazida karantinga joylashtirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida olti nafar koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemor davolanayotgani haqida ma’lum qilgan. Bu ayollarning biri Turkiyadan, ikkinchisi Umra ziyoratidan kelgan.
Shuningdek, viloyatda endemik davlatlardan kelgan 211 nafar fuqaro shifoxona sharoitida, 1 ming 528 nafari uy sharotida karantinga olingan.