Tajriba almashish jurnalistikada muhim jarayon: Sirdaryolik jurnalistlar Samarqandda bo‘ldi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev boshchiligida bir guruh sirdaryolik jurnalistlar Samarqand shahrida bo‘ldi.
Mehmonlar dastlab, ma’rifatparvar, noshir, muharrir va dramaturg Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy muzeyida bo‘lib, evarasi Shoxruh Behbudiy bilan dildan suhbatlashdi. Bobosi va uning bajargan ishlari, qoldirgan boy merosiy asarlari va muzeydagi noyob eksponatlar haqida gapirib berdi.
Mehmonlarni shuningdek, bu yerdagi bosmaxona uskunasi, tarixiy liboslar, o‘sha davrga xos ish stollari, sandiq va asosiysi tarixiy qo‘l-yozmalar qiziqtirdi. Sirdaryolik jurnalistlar Behbudiy hurmati uchun evarasiga to‘n ham sovg‘a qilishdi.
Ustoz hamkasblarning keyingi manzili viloyat Matbuot uyi bo‘ldi. U yerda “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatida ishchi xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Viloyat Matbuot tarixi muzeyida ham bo‘lib gazeta tarixi bilan bog‘liq eksponatlarini ko‘zdan kechirdi. Tahririyatning xodimlar uchun xizmat qiladigan sport zali, alohida oshxona va boshqa sharoitlar bilan tanishdi.
Shu yerning o‘zida “Ijodiy muloqot – jurnalistika rivoji uchun xizmat qiladi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni uyushmaning viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib bordi, Samarqand jurnalistikasining o‘tmishi va buguni haqida so‘z yuritdi. Shu bahona gazetalarda faoliyat ko‘rsatgan fidoyi jurnalistlari esga olindi. Ikki viloyat o‘rsatidagi ijodiy hamkorlik bo‘yicha kelgusidagi rejalar bilan ham o‘rtoqlashishdi.
Uchrashuvda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayev, “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri B.Rahmonov, “Turon nashr” nashriyoti direktori A.Shukurovlar ishtirok etib, samarqandlik ijodkorlar doimo sirdaryolik ijod ahli bilan hamohang ravishda ijod olamida birga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Qolaversa, viloyat jurnalistikasining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berishdi.
- Albatta, har qanday ijodkor bu kabi uchrashuvlarda yanada charxlanadi, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktor, dotsent Vahob Rahmonov. – Muhimi yanada ijodga undaydi, zavq beradi, ilhom olib ijodga kirishasiz. – Biz bugun Behbudiyning so‘nmas ijod maskanini, qolaversa, viloyat gazetalariga berilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni ko‘rib, havasimiz keldi. Kelgusida biz sirdaryolik jurnalistlar uchun ham mana shunday ijod uylari bo‘lishiga aminmiz.
Mehmonlarga Samarqand jurnalistikasiga oid kitoblar sovg‘a qilindi.
Husan ELTOYeV.