Taksichilarni haqorat qilgan Yangiyo‘l YHXB katta inspektori ishdan olindi

Joriy yilning 22 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani IIB YHXB katta inspektori, leytenant U.Zamonovning tuman yo‘nalishsiz taksi haydovchilariga nisbatan haqoratli munosabati audio yozuvda tarqatildi.

Tarqatilgan audio yozuv yuzasidan 23 oktyabr kuni soat taxminan 21:30 larda Yangiyo‘l shahrida joylashgan YHXB ma’muriy binosi atrofiga taxminan 100 ga yaqin yo‘nalishsiz taksi haydovchilari ushbu holatga izoh berilishini so‘rab yig‘ilishgan.

Shunda viloyat IIBB 4-mintaqaviy hudud, Yangiyo‘l shahar va tuman IIB rahbarlari yig‘ilganlar bilan uchrashib, YHXB katta inspektori U.Zamonovga nisbatan hozirda xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani, barcha to‘plangan hujjatlar prokuratura idoralariga yuborilib, qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi tushuntirilganidan so‘ng yig‘ilganlar tarqaldi.

Toshkent viloyati IIBB tomonidan olib borilgan batafsil tekshiruv ishlari natijalariga ko‘ra, U.Zamonov dastlab mazkur audio yozuv unga tegishli emasligini, telegram ijtimoiy tarmog‘idagi norasmiy kanallarda xabar qilingan bo‘lsa-da, tekshiruv davomida audio yozuv haqiqatdan ham o‘ziga tegishli ekanligini ma’lum qildi.

Shuningdek, U.Zamonov o‘zining tushuntirish xatida joriy yilning 22 oktyabr kuni telegramdagi “Voditeli Yangiyulya” nomli guruhda taksi haydovchilari tomonidan YPX xodimlarini kamsituvchi postlar tarqatilganidan so‘ng ularga javoban ushbu haqoratli audio yozuvni yuborganligini tan olgan.

YPX inspektori ushbu xatti-harakatlari bilan fuqarolar o‘rtasida ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar kelib chiqishiga hamda jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lganligi uchun viloyat IIBB rahbariyatining ko‘rsatmasiga asosan YHXB katta inspektori leytenant U.Zamonov egallab turgan lavozimidan chetlatildi.

Hozirda prokuratura tomonidan holatga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Yangiyo‘l tumani IIB YHXB xodimlari joriy yilning 1 oktyabr kunidan 23 oktyabr kuniga qadar, viloyat transport boshqarmasi bilan hamkorlikda “Litseniyasiz yo‘lovchi tashish” faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 56 nafar haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirib, avtoulovlar jarima maydonchasiga joylashtirilgan. O‘tkazilgan “Reyd” tadbirlari davomida leytenant U.Zamonov shaxsan ishtirok etganligi aniqlandi.