Ta’lim barbod bo‘lsa, millat kasodga uchraydi

Tarixda davlatchiligimizning yuksalgan, ilm ahli yuksak qadrlangan, fan ravnaqiga katta e’tibor qaratilgan davrlarida mamlakatning izchil taraqqiyoti va mo‘’tadil rivojlanishi kuzatilganligi qanchalar haqiqat ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz.

Mamlakatimizda ilm-fan sohasini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib, olimlarimiz, ayniqsa, yosh tadqiqotchilarimizning iste’dodini va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bozorlarimizning to‘laligi faqat qora mehnat evazigagina bo‘lmasligi lozimligini aytib, agar bundan buyon ilm-fanni rivojlantirmasak, yurtimizdagi bu to‘kinlikni saqlab tura olmasligimizni alohida ta’kidlab, ilm-fan sohasi darg‘alari oldiga bir qancha muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ygan edi. Shuning uchun ham Prezidentimizning mamlakatni rivojlantirish dasturlarida iqtisodiyotning boshqa sohalari qatorida ta’lim va ilm-fan taraqqiyotini ta’minlashga alohida o‘rin berilmoqda.

Mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan tezkor islohotlarga nazar tashlar ekanmiz, eng avvalo, nimalarni va erishilgan qaysi yutuqlarni e’tirof etish mumkin? Bizning fikrimizcha, birinchi navbatda, Prezidentimiz tomonidan ta’lim va fanni yangicha shakl va mazmunda tashkil qilish, rivojlantirish masalalarini davlat siyosatining eng ustuvor vazifasi darajasiga olib chiqilganligini mamnuniyat bilan qayd etish lozim.

Ikkinchidan, o‘tgan qisqa vaqt ichida ta’lim tizimi islohotlari doirasida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilib, mamlakat bo‘ylab bolalarning bog‘chalarga qamrab olinish darajasi keskin o‘zgardi. Ayniqsa, o‘zini oqlamagan kasb-hunar ta’limi tizimi zudlik bilan isloh etilib, ularda o‘qish muddati 3 yildan 2 yilga qisqartirildi. O‘rta umumta’lim maktablarida ta’lim muddatining 9 yildan 11 yilga o‘zgartirilishi ham ta’lim tizimidagi ichki uzilishlarga barham berib, mamlakatimizning uzoq joylaridagi qishloqlarda yuzaga kelgan bir qator qiyinchiliklarni bartaraf etishga olib keldi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari, murabbiylari, o‘rta umumta’lim maktablari o‘qituvchi-xodimlari va oliy ta’lim muasasalari professor-o‘qituvchilarining oylik maoshlari sezilarli miqdorda oshirildi, ularning jamiyatda tutgan o‘rni va nufuzi tiklanib, obro‘-e’tibori ortdi.

Oliy ta’lim tizimida islohotlarning borishi va amalga oshirilgan o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, barcha universitetlar va institutlarda qabul kvotalari oldingi yillardagidan 2 marotabaga oshirildi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tahsil olish uchun kechki va sirtqi ta’lim tiklandi, chet mamlakatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot muassasalarida yangi avlod o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini tayyorlash tizimi ishga tushdi. Shuningdek, tajribali va yuqori malakali xorijlik professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida ishlash uchun taklif etilmoqda. Ularning ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish, mahorat darslari o‘tkazish dasturlari ishlab chiqildi, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik ta’minotida jiddiy ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, oliy ta’limga nisbatan mutlaqo yangicha munosabatlar shakllantirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining qat’iy sa’y-harakati va bevosita tashabbusi bilan ta’limga davlat siyosati darajasida munosabatda bo‘lish orqali bu sohada yillar davomida ildiz otgan salbiy jihatlarning yanada chuqurlashib ketishining oldini olish imkoniyati yaratildi. Muammoning chuqurlashuvi shu darajada ediki, jamiyatning eng asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan ta’lim tizimi bu inqirozlarni juda tezlik bilan o‘ziga “singdirib olgan edi”.

Oqibatda kishilar qanday bo‘lmasin oliy ta’lim diplomini qo‘lga kiritish uchun qonuniy va noqonuniy turli-tuman yo‘llarni izlay boshladi. Korrupsiya kuchaydi, tanish-bilishchilik, mahalliychilik iqtidorli kadrlar tanlovini izdan chiqardi va binobarin, bu hol oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonining barqaror, mo‘’tadil bo‘lishiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi, ta’lim sifati butunlay tushib ketdi. Natijada, aksariyat yoshlar qo‘llarida oliy ta’lim muassasasi diplomi bo‘lgani holda na ta’limda, na ishlab chiqarishda o‘zining munosib o‘rnini topa oldi.

Janubiy Afrika Respublikasidagi Stellenboss universitetining kiraverishiga: “Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas… Ta’limning barbod bo‘lishi – millatning kasodga uchrashidir!” deb bejizga yozib qo‘yilmagan. Chindan ham bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti va xalqning farovon turmushi, davlatning mustahkamligi va mustaqilligining davomiyligi, dunyo miqyosida tan olinishi innovatsion bilim va ilm-fanning barqaror rivojlanishiga bog‘liqligini hech kim inkor eta olmaydi.

Shuning uchun ham ta’lim tizimidagi mutlaqo yangicha yondashuv – bu ta’lim tizimini ham xuddi iqtisodiyot kabi davlat monopoliyasidan chiqarilishi jarayonining boshlanishidir. Xususiy bog‘chalar va maktabgacha ta’lim muassasalari bilan bir qatorda, o‘rta umumta’lim maktablari, ko‘plab oliy ta’lim muassasalarining ochilishi davlat ta’lim muassasalariga muqobil raqobatchilikni yuzaga keltirdi va bular, o‘z navbatida, ta’lim muassasalarining ko‘payishigagina emas, ta’limning sifatiga ham katta ijobiy ta’sir etishi, shubhasiz.

Shu o‘rinda, bir holatga alohida e’tibor qaratish juda muhim. Bu ham bo‘lsa, yangi tashkil etilayotgan oliy ta’lim muassasalarining aksariyati chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli ravishda tashkil etilayotganligidir. Bugungi kunda mamlakatimizda 116 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 21 tasi chet davlatlarning nufuzli universitetlari va institutlari bilan hamkorlikda mutlaqo yangi o‘quv rejalari va dasturlar, shuningdek, 2+2 tizimi asosida tashkil etilayotganligi, bir tomondan, yoshlarimizning chet tillarni o‘rganishlarini yanada tezlashtirayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, ularning zamonaviy innovatsion bilimlarni yanada chuqurroq egallashlariga hamda chet mamlakatlarning ta’lim va fan, ishlab chiqarish korxonalarida bevosita amaliyot o‘tashlariga keng yo‘l ochib berdi.

Bu ishlar o‘z-o‘zicha bo‘layotgani yo‘q: chuqur tahlillar, qiyosiy o‘rganishlar, falsafiy mushohadalar asosida qaror qabul qilishlar orqali amalga oshmoqda. Amaliy harakatlarning mablag‘ bilan ta’minlanishi masalalari ham osonlikcha yechilayotgani yo‘q. Chunki davlatning ichki imkoniyatlari, resurslari ham iqtisodiyot, ham ta’lim, ham ijtimoiy sohani bir tekis rivojlantirishga yetmaydi. Yurtboshimiz keyingi 25-30 yilda O‘zbekistonga kiritilmagan juda katta hajmdagi chet el investitsiyalarini jalb etishga muvaffaq bo‘ldi, turli xalqaro banklardan kreditlar olindi. Mamlakatimizdagi bu holatni Prezidentimizning ichki va tashqi siyosatdagi davlatchilik va fuqarolik bo‘yicha siyosiy irodasining yuksak mahsuli, deb qarashimiz lozim.

Tez sur’atlar bilan amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari jarayoni-da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va uning birinchi ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” muhim o‘rin tutadi. Chunki mazkur farmon va konsepsiya mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan bugungi kundagi dolzarb vazifalardan tashqari, 2030 yilgacha va undan keyingi istiqbol reja-dastur qabul qilinganligi bilan ham betakror va tarixiy hujjat bo‘lib qoladi. Ushbu tarixiy hujjatlarga tayangan holda 2030 yilgacha mamlakatimizda maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasining bosqichma-bosqich oshirilishi hamda 50 foizgacha yetkazilishi, yangi-yangi oliy ta’lim muassasalari, mutaxassisliklar, yo‘nalishlarning ochilishi, shuningdek, bu sohada davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, mamlaktimiz oliy ta’lim muassasalarini dunyo reytingining 1000 talik ro‘yxatiga kiritish, jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand Davlat universitetini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari flagmani — yalovbardoriga aylantirish va dunyo universitetlari reytingining 500 taligiga kirishi kabi ulug‘vor vazifalarning qo‘yilishi mamlakatimiz ilm-fani va madaniyatini buyuk bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek davrida erishilgan tarixiy yutuqlarni tiklash orqali chet ellik talabalarni ham o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, jahon intellektual mehnat bozorida raqobatbardosh yuksak malakali kadrlar tayyorlash ishlariga mustahkam poydevor qo‘yilishidir.

Chet el investitsiyalari asosida oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator kabi ko‘plab innovatsion markazlarning tashkil etilishi, ularning bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirish orqali avtonomiyaga qarab borishi akademik mustaqillikni ta’minlashga olib keladi. 2020 yil 1 yanvardan boshlab, tajriba-sinov tariqasida mamlakatimizdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasining o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilayotganligi ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha yana bir muhim va dadil qadam bo‘ladi.

Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ushbu farmon va konsepsiyadan kelib chiqqan holda 2030 yilgacha rivojlanish dasturi – “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqdi. Albatta, bu yo‘l xaritalarida, birinchi navbatda, oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlangan chet mamlakatlarning oliy ta’lim muasssalari darajasida tubdan yangilash, o‘quv rejalari va fan dasturlarini amaliyotga yo‘naltirish nuqtai nazardan shakllantirish, ularni yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlash, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirgan yangi avlod o‘qituvchilarini tarbiyalash kabi muhim vazifalar qo‘yildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, oliy ta’lim muassasalarini yangi avlod pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bugun faoliyat yuritayotgan o‘rta va quyi avlodning malakasini oshirish yechimini kutib turgan eng dolzarb va o‘ta muhim muammolardan hisoblanadi. Bu muammoning hal etilishi quyi ta’lim tizimini malakali murabbiylar, yangi axborot va pedagogik texnologiyalar bilan qurollangan zamonaviy o‘qituvchilar bilan ta’minlashga asos yaratadi.

Mamlakatimiz bo‘ylab Prezident hamda buyuk bobokalonlarimiz Xorazmiy, Beruniy, Temurbek, Ulug‘bek maktablarining, umumta’lim maktablarida va oliy ta’lim muassasalarida iqtidorli o‘quvchilar va talabalar guruhlarining tashkil etilishi pirovard natijada, yillar o‘tib, o‘rta asrlarda millatimizni, madaniyatimizni dunyoga taratgan, ta’lim va fan tamadduni taraqqiyotini belgilab bergan ulug‘ qomusiy ajdodlarimiz, dunyo olimlarining ustozlari Imom Buxoriy, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Bahouddin Naqshbandiylarning yangi avlodlari yetishib chiqishi, shubhasiz.

Biz, ta’lim sohasi mas’ullari, barcha ta’lim muassasalari rahbarlari Prezident tomonidan oldimizga o‘ta mashaqqatli, ammo bajarilishi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar qo‘yilganini teran his etgan holda fidoyilik bilan mehnat qilishga, Vatanga sodiq, yetuk bilimdon yoshlarni tarbiyalashda bor kuch, g‘ayrat-shijoat va imkoniyatlarimizni ishga solishimiz lozim.

Mardon BOLTAYeV,

Samarqand davlat universiteti ilmiy kotibi, dotsent.