Tanqiddan so‘ng: Bugundan tinglovchilarga stipendiya beriladi

Kecha, 6 oktyabr kuni saytimizda Samarqand shahar “Ishga marhamat” monomarkazi tinglovchilari - M.Qo‘shimova,  G.Tuyjonova, M.Mamarajabovalarning "Kambag‘alni tuyani ustida ham it qopadi(mi?)" nomli murojaat  bosildi.

Unda ko‘tarilgan muammo bo‘yicha viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov munosabat bildirdi:

"Narpay va Payariq tumanlari aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolarga 3 oylik qisqa muddatli o‘quv kursi uchun Samarqand shahar “Ishga marhamat” monomarkaziga o‘qishga yo‘llanma berilgan. O‘qish jarayoni joriy yilning 16 avgust kunidan boshlangan, ayni kunda ikkinchi oyi o‘qitilmoqda.

Holat yuzasidan tegishli tartibda to‘liq o‘rganilganda, murojaatdagi holat bo‘yicha Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi, belgilangan tartibda tabel asosida hisob-kitob qilindi va bugun, 7 oktyabr kuni stipendiya mablag‘lari Xalq bankining filiallariga o‘tkazib beriladi.

Shuningdek, Samarqand shahar “Ishga marhamat” monomarkazida o‘qitilayotgan barcha tinglovchilar bilan suhbat o‘tkazildi. Unda stipendiya “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida “ishsiz” deb e’tirof etilgan fuqarolarga tayinlanishi to‘g‘risida batafsil tushuntirildi.

Yuqoridagi holatlarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot ishlari olib boriladi".